JSSTning koronavirus bo‘yicha ekspertlari O‘zbekistondagi vaziyatni o‘rganmoqda

Jamiyat

image

Ayni kunlarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning koronavirusga tayyorgarlik bo‘yicha yetakchi konsultanti Ute Enderleyn va tashkilotning favqulodda holatlarga tayyorgarlik ko‘rish dasturining mas’ul xodimi Jetri Regmi O‘zbekistonda bo‘lib turibdi. Ekspertlar dunyoda davom etayotgan epidemiyaga qarshi olib borilayotgan choralar  va profilaktik tadbirlarning texnik ekspertizasini o‘tkazishmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Shuningdek, ular O‘zbekistonga kirish hududlaridagi sanitariya-karantin punktlarida nazorat va  profilaktik tadbirlarni tashkil qilish, davolash muassasalarining xavfsizligini ta’minlash, laboratoriyalar salohiyatini mustahkamlash kabi qator masalalar bo‘yicha texnik tavsiyalarini ham berishmoqda. 

“Biz yurtingizda bir hafta mobaynida bo‘lib,  koronavirus infeksiyasini chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish, epidemiologik nazoratni kuchaytirish borasidagi ishlar halqaro talablar asosida, JSST tomonidan ishlab chiqilgan standartlar va tavsiyalarga mos ravishda amalga oshirilayotganligiga guvoh bo‘ldik. Yurtingizda ushbu infeksiyaga qarshi barcha choralar ko‘rilmoqda”, deydi Ute Enderleyn. 

Bundan tashqari, JSSTning  ekspertlari mamlakat mutaxassislari bilan hamkorlikda jahondagi koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik holatni hisobga olgan holda favqulodda vaziyatlarda qanday yo‘l tutish bo‘yicha ham  o‘zaro tajriba almashishmoqda. 

O‘zbekistonga yuqumli kasalliklar, jumladan, “COVID-19” infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralarida sanitariya-karantin punktlarida barcha ehtiyot choralari ko‘rilib, nazorat kuchaytirilgan. Bugungi kunda ushbu punktlarda boshqa tarmoq xodimlari qatorida 250 nafardan ziyod yuqori malakali sanitariya-epidemiologiya xizmati mas’ullari belgilangan standartlar bo‘yicha ish olib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi huzurida uzluksiz 24 soat davomida faoliyat ko‘rsatuvchi shtab tashkil qilingan. 

Eslatib o‘tamiz, shu kungacha O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmagan. 


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus

Baholaganlar

324

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing