JSST yangi koronavirus bo‘yicha shoshilinch yig‘ilish chaqirdi
Olam
−
22 yanvar 2020
6285Bugun, 22 yanvar kuni Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu holat yuzasidan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitaning shoshilinch yig‘ilishini chaqirmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda yangi virusning xavfi baholanadi. Shuningdek, u bilan kurashish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Hozirda esa JSST keng jamoatchilikka bir nechta dastlabki tavsiyalarni bermoqda:
• qo‘llaringizni sovun va suv yoki spirtli aralashma bilan yuving;
• yo‘talganda yoki aks urganda og‘zingiz va burningizni tibbiy niqob, salfetka, yengingiz yoki bukilgan tirsagingiz bilan to‘sing;
• shamollash yoki gripp alomatlari bo‘lganlar bilan himoyalanmagan aloqada bo‘lishdan uzoqlashing hamda sizda isitma, yo‘tal va nafas qisishi holatlari paydo bo‘lganida tibbiy yordam olish uchun murojaat qiling;
• tirik mahsulotlar sotiladigan bozorda bo‘lganingizda jonivorlar hamda ular tegishi mumkin bo‘lgan vositalarga himoyalanmagan holda teginishdan ehtiyot bo‘ling;
• taomni, ayniqsa, go‘shtni astoydil pishiring.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oxirida Xitoyning Uxan shahrida qayd etilgan yangi virus bugunga kelib, uning yaqin qo‘shnilari Tailand, Yaponiya va Janubiy Koreyaga kirib bordi. Shimoliy Koreya esa virus sabab turistlarga o‘z chegaralarini yopib qo‘ydi.
Bugungacha yangi virusdan halok bo‘lganlar soni 6 nafarga yetdi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi virus sabab chegaradagi sanitar-epidemiologiya punktlarida nazorat kuchaytirilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi