JSST G‘azoga 63 tonna tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berdi

Olam

image

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 21 oktyabrdan buyon G‘azo sektoriga 63 tonna tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar yetkazib berdi, biroq bu anklav aholisi ehtiyojlarini qondirishga yaqin ham emas. Bu haqda JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreisus BMT Xavfsizlik kengashining Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha yig‘ilishida ma’lum qildi.

"JSST 21 oktyabr kuni Rafah o‘tish joyi orqali G‘azoga birinchi tibbiy yordam kolonnasini jo‘natishda ishtirok etdi. O‘shandan beri biz G‘azo Vadi  (G‘azo sektorini kesib o‘tuvchi quruq daryo)ning shimolida joylashgan shifoxonalarga  kerak bo‘ladigan, tibbiyot xodimlariga hayotlarni saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan 63 metrik tonna ixtisoslashtirilgan tibbiy asbob-uskunalar va jihozlarni yetkazib berdik. Ammo bu talab qilinadigan miqyosga yaqin ham emas”, degan Tedros Adanom Gebreisus.

JSST direktorining qo‘shimcha qilishicha, 21 oktyabrdan beri “kutilgan 10 ming yuk mashinasidan faqat 650 tasi” G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkaza olgan.

Shuningdek, u BMT Xavfsizlik Kengashi G‘azoda tinchlikka erisha olmayotgani, bu esa uni isloh qilish zarurligini isbotlashini aytgan. 

"Kengash tinchlik va xavfsizlikka erishish uchun tuzilgan. Lekin G‘azo sektoridagi inqiroz Xavfsizlik Kengashini isloh qilish zarurligini yana bir bor ta’kidlaydi. Men uzoq vaqtdan beri Xavfsizlik Kengashi o‘z vazifasini bajarmayapti, degan fikrdaman. Dunyomizda ishonchli va dolzarb kuch bo‘lib qolish uchun a’zo davlatlar, ayniqsa kengashning doimiy a’zolari uni isloh qilish zaruratiga jiddiy yondashishlari kerak”, degan JSST Bosh direktori.

Ma’lumot uchun, BMT Xavfsizlik Kengashiga 15 ta davlat kiradi, ulardan 5 tasi (Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSH va Fransiya) doimiy a’zolar, 10 tasi esa ikki yil muddatga a’zolikka saylanadi. Tashkilot  Bosh kotibi Antoniu Guterrish ham BMTning aksar davlatlari Xavfsizlik Kengashini isloh qilish zarurligini tan olishini aytgan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq JSST Bosh direktori G‘azo sektoridagi 36 shifoxonaning deyarli yarmi yoqilg‘i yetishmasligi va davom etayotgan hujumlar tufayli ishlamay qolganini aytgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

JSST BMT G'azo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing