JSST Baydenga minnatdorchilik bildirdi
Olam
−
21 yanvar 2021
4385Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adhanom Gebreyesus AQSHning JSSTga qaytishini ma’qulladi.
Shu bilan birga, Gebreyesus amerikaliklarni va Jo Baydenni AQSH Prezidenti lavozimiga kirishgani bilan tabriklagan.
U Baydenga AQSHni JSSTga qaytarish to‘g‘risidagi qarori va vaksinalarning mamlakatlar o‘rtasida teng kirishi va tarqatilishini tartibga soluvchi COVAX dasturiga qo‘shilish istagi uchun minnatdorchilik bildirgan.
"Bugun JSST va jahon sog‘liqni saqlash tizimi uchun yaxshi kun. AQSHning global roli juda muhim", degan Gebreyesus bugun, 21 yanvar kuni JSST ijroiya qo‘mitasining 148-sessiyasida.
Tashkilot rahbarining so‘zlariga ko‘ra, JSST "millatlar oilasi"dir va uning barcha a’zosi AQSH ushbu oilada qolganidan xursand.
Avvalroq, Bayden inauguratsiyadan so‘ng AQSHni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga qaytarish to‘g‘risida farmon imzolagani haqida xabar bergandik.
2020 yilning 29 may kuni AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan munosabatlarni to‘liq to‘xtatish niyati borligini e’lon qildi, chunki uning rahbariyati Amerika ma’muriyati talab qilgan o‘zgarishlarni amalga oshirishni rad etdi. Shu bilan birga, u JSSTni go‘yo Xitoyning to‘liq nazorati ostida ishlayotganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, XXR Hukumati va JSST rahbariyati yangi koronavirusning tarqalishi bilan bog‘liq tegishli choralarni ko‘rmagan.
Tramp AQSH Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini 2021 yil 6 iyulda rasman tark etishi haqida ma’lum qilgan edi.