JSST 7 ta pandemiyaga sabab kasallik qaytayotganini e’lon qildi
Olam
−
08 Oktabr 2022
12329Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti butun dunyo bo‘ylab o‘sishi qayd etilayotgan vabo epidemiyalarining kuchayib borayotganidan xavotirda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus Jenevada ma’lum qildi, deya xabar bermoqda BMT matbuot xizmati.
“Hozir biz bir necha yil davomida vabo kasalligiga chalinish kamayganidan keyingi butun dunyo bo‘ylab vabo epidemiyalari qayta tiklanishiga guvoh bo‘lmoqdamiz”, deydi Gebreyesus.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida 27 ta davlatda vabo epidemiyasi qayd etilgan. Ularning nafaqat davriyligi, balki o‘lim darajasi ham oshdi. Tashkilotda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar cheklangan, ammo ular shuni ko‘rsatyaptiki, bu yil o‘lim darajasi so‘nggi besh yildagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan deyarli uch baravar ko‘p.
“Vabo qashshoqlik va mojarolar tufayli rivojlanadi, ammo hozirda iqlim o‘zgarishi sabab bo‘lmoqda. Suv toshqinlari, siklonlar va qurg‘oqchilik kabi ekstremal ob-havo hodisalari ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatini yanada pasaytiryapti va vabo tarqalishi uchun ideal sharoit yaratyapti”, deydi JSST bosh direktori Tedros Gebreyesus.
Tedrosning ta’kidlashicha, vabo bir necha soat ichida o‘ldirishi mumkin bo‘lsa-da, emlash, ichimlik suvi va sanitariya vositalaridan foydalanish orqali uni oldini olish mumkin. Ammo epidemiyalar soni ortib borayotganligi sababli vaksina ta’minoti talabni qondira olmaydi.
Xolera insoniyat tarixidagi eng yomon kasalliklardan biri bo‘lib, hanuzgacha dunyoning ba’zi qismlarida aksariyat o‘limlarning asosiy sababidir. So‘nggi 200 yil ichida u yettita pandemiyaga sabab bo‘lgan. Bir vaqtlar suvsiz odamlarning teri rangi tufayli uni “ko‘k o‘lim” deb atashgan.
LiveBarchasi