Jasoratingiz bo‘lsa, debatga keling – Qilichdoro‘g‘li Erdo‘g‘anni teledebatga chaqirdi
Olam
−
17 iyun 2022
14295Turkiyaning asosiy muxolifatdagi “Jumhuriyat Xalq” partiyasi yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li bugun, 17 iyun kuni Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga istalgan telekanalda jonli debat o‘tkazishni taklif qildi. Xuddi shu o‘rinda u 2023 yil iyun oyida saylovlari bo‘lib o‘tadigan prezidentlikka muxolifat nomzodini ham ochiqlashni va’da qildi.
Respublika rahbari saylovlarida qatnashish niyatini bildirgan Erdo‘g‘an avvalroq Kilichdoro‘g‘lini ham shunday qilishga yoki muxolifatdan prezidentlikka nomzod ko‘rsatishga chaqirgan edi.
“Telekanallaringiz juda ko‘p, ularni istalganiga taklif qiling, prezidentlikka kim nomzod bo‘lishini o‘sha yerda aytaman. Agar jasoratingiz bo‘lsa, debatga boring”, dedi Turkiya respublikachilar yetakchisi telekanal efirida.
Shu bilan birga, Qilichdoro‘g‘li dasturga yordamchilarsiz yolg‘iz kelishini aytdi.
“Men yolg‘iz qolaman, siz kimni xohlasangiz, olasiz. Biroq u [Erdo‘g‘an] jur’at eta olmaydi, [bahsda] qatnashmaydi”, deya qo‘shimcha qildi Qilichdoro‘g‘li.
Erdo‘g‘an o‘zi yetakchilik qilayotgan hukmron “Adolat va taraqqiyot” partiyasi va “Millatchi Harakat” partiyasidan iborat “Xalq ittifoqi” prezidentligiga yagona nomzod.
Olti partiyadan iborat alyansda birlashgan muxolifat hali prezidentlikka nomzodini rasman e’lon qilmagan. Mahalliy matbuotning muxolifat blokidagi manbalarga tayanib xabar berishicha, “Jumhuriyat Xalq” partiyasi yetakchisi uning nomzodiga aylanishi mumkin. Turli so‘rovlarga ko‘ra, mashhurlikda Erdo‘g‘anni chetlab o‘tayotgan Istanbul va Anqara merlari Ekrem Imomo‘g‘li va Mansur Yavash ham prezidentlikka da’vogarlik qilishi mumkin. Biroq ular prezidentlik poygasida qatnashish niyati yo‘qligini aytmoqda.