Jonson Ikkinchi jahon urushi kabi xavfdan ogohlantirdi
Olam
−
20 fevral 2022
12864Rossiyaning Ukrainaga “bostirib kirishi” 1945 yildan beri Yevropadagi eng katta urushga aylanishi mumkin. Bu haqda Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson BBC bilan suhbatda aytib o‘tdi.
“Biz ko‘rayotgan reja o‘zining miqyosi bo‘yicha 1945 yildan beri Yevropadagi eng katta urush bo‘lishi mumkin bo‘lgan narsaga qaratilgan deb qo‘rqaman”, degan Jonson.
U Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini muqarrar, chunki dalillar bunga ishora qiladi degan. Shu bilan birga, Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya allaqachon “ma’lum ma’noda” hujum rejasini amalga oshirishga kirishgan.
“Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga nafaqat Donbass orqali, balki Belarus va Kiyev yaqinidan ham kirishi mumkin”, degan Jonson AQSH Prezidenti Jo Baydenning razvedka ma’lumotlariga tayanib.
Qayd etish kerakki, AQSH va G‘arb davlatlari so‘nggi oylarda Rossiyani Ukrainaga bosqin tayyorlashda ayblab kelyapti. AQSH Prezidenti Bayden shaxsan o‘zi Moskva 16 fevral kuni hujum boshlashini aytgandi. Ammo unday bo‘lmadi.
O‘z navbatida, Moskva Ukrainaga bostirib kirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqidagi ayblovlarni rad etib, chegaraga qo‘shin joylashtirilishi faqatgina harbiy mashg‘ulot uchun ekanini ta’kidlayotgandi. Kreml joriy yilning 20 fevraligacha mashg‘ulot o‘tkazishni belgilagandi. Rasmiy Moskva 15 fevral kuni chegaradagi qo‘shinlarini ortga qaytarishni boshlaganini e’lon qildi.
Biroq bu xabarlarga shubha bilan qaragan AQSH rahbariyati joriy yilning 17 fevral kuni Rossiya Ukraina bilan chegaradagi harbiy mavjudligini 7 ming kishiga oshirganini e’lon qildi. Rasmiylar Kreml “istalgan vaqtda Ukrainaga bostirib kirishni oqlash uchun yolg‘on bahonadan foydalanishi” mumkinligi haqida “dalil olishda davom etmoqda”.
Aytish joizki, hozirda Ukrainaning sharqiy hududlarida joylashgan rossiyaparast, o‘zini suveren deya atovchi hududlar: Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasi (DXR) yetakchilari aholini Rossiyaga evakuatsiya qilmoqda. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa zaxiradagi askar hisoblanuvchi barcha Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini harbiy tayyorgarlikka chaqirdi.
LiveBarchasi