Jizzaxdagi tekstil korxonasini 3 yil “talagan” qorovul ushlandi (video)
3-sahifa
−
28 iyul 10549 2 daqiqa
Jizzax shahridagi yirik tekstil korxonasida 2022 yildan buyon sodir etib kelingan yirik o‘g‘rilik holati fosh etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, korxona xo‘jalik mudiri Ichki ishlar organlarining “112” yagona dispetcherlik xizmatiga murojaat qilib, 2022 yildan buyon korxona hududidan jami 91 dona elektr dvigateli va tikuv mashinalari o‘g‘irlab ketilganini bildirgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumondorlar mis kabellarni qo‘lga kiritish maqsadida qo‘shni binoga devorni teshib kirgan. Murojaat yuzasidan Jizzax viloyati IIB Tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan keng qamrovli tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Videokuzatuv yozuvlari va boshqa tezkor ma’lumotlar tahlili natijasida Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida yashovchi qorovul navbatchilik qilgan kunlarda Sirdaryo davlat raqamiga ega avtomobillar kechasi korxona hududiga kirib, tongda chiqib ketgani aniqlangan.
Tergovga ko‘ra, qorovul o‘z mahalladoshini navbatchilik vaqtida korxonaga chaqirib, elektr dvigatellari va tikuv mashinalarini noqonuniy ravishda olib chiqib sotgan. Ularni tashishda yana ikki nafar mahalladoshi muntazam ishtirok etgani ham aniqlangan.
Surishtiruv davomida o‘g‘irlangan mulklar Toshkent viloyatining Bekobod tumanida metallom qabul qilish va sotish bilan shug‘ullanuvchi shaxsga sotilgani ma’lum bo‘lgan. Tezkor tadbirlar davomida undan 4 ta elektr dvigateli va 7 ta tikuv mashinasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.
Hozirda Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, gumondorlarning boshqa o‘g‘irlik holatlariga aloqadorligi ham tekshirilmoqda. Huquq-tartibot organlari o‘g‘irlangan mulklar soni va yetkazilgan zarar miqdori yana ortishi mumkinligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqandda banklardan biriga bostirib kirib, o‘zida portlovchi modda borligini aytgan holda pul talab qilgan shaxs qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi