Jizzaxdagi “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi qirg‘og‘ida turizm markazi quriladi
Jamiyat
−
23 iyul 9610 3 daqiqa
Jizzax viloyatida “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi qirg‘oq bo‘yida ham zamonaviy turizm markazi barpo etiladi. Bu haqda kecha, 22 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzaxga tashrifi davomida tanishgan viloyatda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimotida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Jizzaxning turfa tabiati, tog‘li va cho‘l hududlari yilning to‘rt faslida ham sayohat qilish imkonini beradi. “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, Zomin aeroporti va yangi yo‘llar bu imkoniyatlarni kengaytirgan. Yirik 6 ta kanal bo‘yida sayilgohlar tashkil qilingan. Endi “Aydar-Arnasoy” ko‘llar tizimi qirg‘oq bo‘yida ham zamonaviy turizm markazi barpo etiladi.
“Tumanlarga sanoatni olib kirib, odamlarni ishli qilishga harakat qilyapmiz. Ilgari dasht bo‘lgan joylarda zamonaviy korxonalar paydo bo‘lyapti. Odamlarimiz hunaridan, tomorqasidan ham daromad topayapti. Lekin bu bugungi natija. Yangi avlod yetishib kelyapti, yoshlarimizning bilimi, talabi oshib boryapti. Ularning ishlashi, yaxshi yashashi uchun hozirdan zamin yaratishimiz kerak. Agar imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalanilsa, Zomin tumani ishsizlikdan xoli hudud bo‘la oladi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumki, Ko‘kdala tumanining yangi markazida san’at saroyi, san’at maktabi, umumta’lim maktabi va sport majmuasi yonma-yon barpo etilmoqda. Davlat rahbari bu bolalarga qulay bo‘lishini ta’kidlab, kelgusi loyihalarda shuni qo‘llash zarurligini aytgan edi. Endi shu tajriba asosida Zomin tumanida ham madaniyat saroyi va san’at maktabi qurilishi rejalashtirilgan. Madaniyat saroyi 300 o‘rinli bo‘lib, tuman markazidagi 45 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadi. Bu yerda “Zomin sayqali” folklor-etnografik jamoasi, 13 ta to‘garak faoliyat yuritadi.
Mutasaddilarga ushbu rejalar ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivoji bo‘yicha topshiriqlar berildi. Shu bilan Prezidentning Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ozarbayjonlik xonanda va ishbilarmon Emin Agalarov Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani hududida Chorvoq suv ombori bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” xalqaro turizm markazi barpo etish istagini bildirgandi. U joriy yil 14 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga xalqaro turizm markazining master-rejasini taqdim qildi. Biroq ushbu loyiha ijtimoiy tarmoqlarda va keng jamoatchilik orasida jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Faollar bu loyiha ekologiyaga zarar yetkazishi va Toshkent shahri uchun muhim bo‘lgan ichimlik suvi manbasiga tahdid solishi mumkinligidan xavotirda. Shu e’tirozlar fonida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov hamda tadbirkor Emin Agalarov Ozarbayjondagi Sea Breeze Baku majmuasida tashkil etilgan press-tur davomida o‘zbekistonlik OAV vakillariga “Chorvoq”da qurilishi aytilayotgan turistik zona ekologiyaga salbiy ta’sir o‘tkazmasligini aytdi.