Jizzaxda o‘zgalar nomiga kredit olgan bankir 7 yilga qamaldi
3-sahifa
−
20 iyun
5973Jizzaxda o‘zgalar nomiga kredit olib, o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborgan bank boshqaruvchisi o‘rinbosari 7 yilga qamaldi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ombudsmanning Jizzax viloyatidagi mintaqaviy vakiliga bir guruh fuqarolar oylik ish haqi plastik kartochkaga kelib tushganda bank asossiz ravishda “kreditdan bo‘lgan qarzdorligi uchun” deb pullarini yechib olganidan norozi bo‘lib, shikoyat qilgan.
Murojaatchilarning fikriga ko‘ra, ular “Agrobank” ATB Arnasoy filiali bilan kredit shartnomasi rasmiylashtirgan. Lekin mazkur bank filiali boshqaruvchisi o‘rinbosari S.A. ularga qo‘ng‘iroq qilib, oylik maoshlari kamligi sababli kredit mablag‘i berilmaydigan bo‘lganini og‘zaki xabar qilgan va o‘z mansab mavqeidan foydalanib, bir qator fuqarolar nomiga kredit rasmiylashtirgan. Jumladan, murojaatchi A.I. nomiga jami 18,5 million so‘m yillik 26,99 foiz ustama haq to‘lash sharti bilan 4 yil muddatga kredit olgan.
Fuqaro o‘zining nomiga chiqarilgan bank kredit kartasini olishni rad etgan bo‘lsa-da, ularning xabarisiz ushbu karta mablag‘larini o‘z nomiga ochilgan bank plastik kartalariga o‘tkazishga erishib, kredit mablag‘larini o‘z manfaatlari yo‘lida o‘zlashtirgan.
“Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtakor tuman sudining 2023 yil 11 apreldagi hukmiga ko‘ra, S.A. Jinoyat kodeksining bir qancha moddalari bilan aybdor deb topilib, bank sohasida hamda boshqa tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilgan. Unga 7 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. Shuningdek, ayblanuvchi S.A.dan jami 145 million so‘m miqdorida moddiy zarar sifatida “Agrobank” ATB Arnasoy filiali foydasiga undirish belgilangan”, deyiladi xabarda.
Shunday bo‘lsa-da, mazkur bank filiali tomonidan kreditni qoplash uchun murojaatchilar nomiga SMS talabnomalar kelib, plastik kartalariga kelib tushgan oylik ish haqidan kreditlarni qoplash uchun pul undirish davom etgan.
Hujjatlar o‘rganilib, ombudsman tomonidan sudga mehnat qonunchiligining buzilgan holati bo‘yicha fuqarolar manfaatida da’vo ariza kiritilgan. Natijada Fuqarolik ishlari bo‘yicha Do‘stlik tumanlararo sudining 2024 yil 21 may kunidagi hal qiluv qarori bilan fuqarolar va bank o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomalari bekor qilinib, murojaatchilarning buzilgan huquqlari tiklangan.
LiveBarchasi