Jizzaxda sel kelishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 5 nafarga yetdi

3-sahifa

image

Jizzaxning Forish tumanida sel kelishi oqibatida halok bo‘lganlar soni 5 nafarga yetdi. Bu haqda viloyat prokuraturasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yomg‘ir yog‘ishi oqibatida Forish tumani “Egizbuloq” MFY hududidagi Nurota tog‘ tizmasidan “Orishli” qishlog‘i orqali “Egizbuloq” qishlog‘iga kuchli sel toshqini kelgan.

Avvaliga sel kelishi oqibatida shu hududda yashovchi 4 nafar shaxs vafot etgani, 1 nafari bedarak yo‘qolgani va 6 nafari turli darajada tan jarohati olgani qayd etilgan. 

Shuningdek, sel toshqini natijasida 53 ta turar joy va ularning yordamchi xo‘jalik binolariga zarar yetgan. 

So‘ngra, mazkur holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan. 

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv va tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida bedarak yo‘qolgan shaxs suvga cho‘kib, vafot etgani aniqlangan va uning murdasi topilgan. 

“Voqea sodir bo‘lgan hududda tezkor shtab faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, toshqin oqibatlari bartaraf etilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 20 aprel kuni kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik oqibatida Jizzax viloyatining Baxmal, Forish, G‘allaorol va Sharof Rashidov tumanlarida sel oqimlari yuzaga keldi.

Bundan tashqari, Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida ham kuchli yog‘ingarchilik kuzatilgani oqibatida sel keldi. Samarqand shahrining ko‘plab ko‘chalarida suv to‘planishi hodisalari kuzatildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

159

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing