Jizzaxda prokuratura xodimi va hokimlik yuriskonsulti qo‘lga olindi (video)
3-sahifa
−
16 may 2023
17303Jizzaxda viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori tadbirkordan 1300 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olindi. Shuningdek, viloyatdagi tuman hokimliklaridan birining yuriskonsulti fermer xo‘jaligi rahbaridan 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Jizzax shahrida yashovchi yakka tartibdagi tadbirkor chorvachilik bilan shug‘ullanish maqsadida 2020 yilda bankdan 200 mln so‘m miqdorida imtiyozli kredit olgan va ushbu mablag‘ hisobidan qoramol sotib olib, oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Biroq joriy yilning fevral oyida kredit bergan bank tadbirkor tomonidan kredit mablag‘i maqsadsiz sarflangan degan xulosa bilan viloyat prokuraturasiga chora ko‘rish uchun murojaat qilgan.
O‘z navbatida, o‘rganib chiqish va qonuniy qaror qabul qilish uchun mazkur murojaat Jizzax shahar prokuraturasiga yuborilib, uning nazorati viloyat prokuraturasi bo‘lim prokuroriga yuklatilgan. Murojaatni o‘rganib chiqqan Jizzax shahar prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.
Lekin viloyat prokuraturasining bo‘lim prokurori esa go‘yoki uning o‘zi tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etganligini iddao qilib, “xizmati” evaziga undan 1300 AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, Jizzax viloyatidagi tuman hokimliklaridan birining yuriskonsulti xizmat mavqeidan foydalangan holda, o‘z vakolatiga kirmasligini bila turib, chorvachilik va baliqchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning boshqaruvi bo‘yicha yuzaga kelgan muammoni tanishlari orqali mazkur xo‘jalikning qonuniy rahbari foydasiga hal qilib berish evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ushlandi.
Ta’kidlanishicha, u muqaddam Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan sudlanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan. Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi