Jizzaxda mudhish YTH: ikki kishi mashinada yonib ketdi
3-sahifa
−
09 Sentabr 2020
14158Bugun, 9 sentyabr kuni Jizzax viloyatida yuz bergan mudhish yo‘l-transport hodisasi natijasida ikki kishi halok bo‘ldi va uch kishi jarohatlangan. Bu haqda Tergov departamenti xabar berdi.
YTH taxminan soat 18:30 da Sharof Rashidov tumani “Xayrobod” MFY hududidan o‘tgan M-39 avtomobil yo‘li “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishining 997 kilometrida yuz bergan. Lacetti rusumli avtomashina katta tezlikda harakatlanib, shu yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan boshqa bir Lacetti rusumli avtomashinaning chap yon tomoniga urilib, yo‘lni bo‘lib turgan beton to‘siqni buzib o‘tib, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Kia rusumli yuk avtomashinasi bilan to‘qnashgan.
Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, katta tezlikda harakatlanib kelgan Lacetti avtomashinasida yong‘in kelib chiqqan. Avtomashinada bo‘lgan haydovchi va bir nafar yo‘lovchi hodisa joyda vafot etgan, qolgan 3 nafar yo‘lovchi tibbiyot muassasasiga yotqizilgan. Ikkinchi Lacetti rusumli avtomashina yo‘l chetida ag‘darilib ketgan, avtomashinada bo‘lgan haydovchi va yo‘lovchi tan jarohati olmagan, qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelgan Kia yuk avtomashina haydovchisi ham tan jarohatlari olmagan.
Hodisa joyida tergov-tezkor guruhi ishlamoqda. Hodisa yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
LiveBarchasi