Jizzaxda mast holatda restoran xodimlarini do‘pposlagan yigitlar jazolandi (video)
3-sahifa
−
24 may
8249Jizzaxdagi restoranlarning birida mast holatda janjal ko‘targan hamda janjalni to‘xtatmoqchi bo‘lgan restoran qorovuli va boshqa xodimni kaltaklagan yigitlar jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB ma’lum qildi.
Hodisa Jizzax shahrining Oqqo‘rg‘onlik mahallasida joylashgan savdo majmuasidagi ovqatlanish shoxobchasida sodir bo‘lgan. Shu yerda mast holda o‘tirgan yigitlardan biri qo‘shni stolda o‘tirgan qizlarga gap otishi sabab janjal yuzaga kelgan. Voqeadan xabar topgan shoxobcha qorovuli kelib janjalni to‘xtatish maqsadida kelishmovchilikka aralashgan.
Shunda yigitlardan ikki nafari qorovulni haqorat qilib, unga pivo idishini uloqtirgan. Bu ham yetmaganidek, yigitlar qorovulni kaltaklab, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan. Ularni ajratishga uringan shoxobchaning boshqa xodimi ham bir nechta musht yegan.
Qorovul olgan tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Yigitlar esa DXX va IIO xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, qo‘lga olinganlardan biri avval talonchilik, davlat organi vakilining qonuniy harakatlariga qarshilik ko‘rsatgani hamda qasddan badanga yengil shikast yetkazgani sabab sudlanib, axloq tuzatish jazosini o‘tayotgan bo‘lgan.
Qonunbuzarlarning bu ishlari sudda ko‘rib chiqilgan. Avval sudlanib, axloq tuzatish jazosiga hukm qilingan shaxsning bu jazosi ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirilgan. Uning sherigiga ham qonunda belgilangan jazo qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Jizzax shahridagi restoranda bezorilik sodir etgan va ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmagan 9 nafar shaxs qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr