Jizzaxda mahbusning jazosini yengillashtirish uchun pora olgan qamoqxona boshlig‘i qamaldi
3-sahifa
−
06 avgust
7995Jizzax viloyatida qamoqxona boshlig‘i mahbusning jazosini yengillashtirib berish evaziga 10 ming dollar pora so‘radi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani Ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash qamoqxonasi boshlig‘i qamoqdagi shaxsga oziq-ovqat, yaqinlari bilan telefon orqali suhbat tashkil etib berish evaziga 400 AQSH dollari olgan. Bundan tashqari, u tanish advokatlari orqali ayblanuvchining jazosini yengillashtirib berishi evaziga 10 ming dollar talab qilgan.
Davlat xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan. Mazkur ish jinoyat ishlari bo‘yicha Forish tumani sudida ko‘rib chiqildi.
“Adolatli hukm e’lon qilishingizni so‘rayman va umid qilaman hamda qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo berishingizni so‘rayman. Boshqa gapim yo‘q”, deydi sudlanuvchi.
Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 59-moddasi (Bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) va 61-moddasi (Jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) bilan 2 yil 6 oy mansabdan chetlashtirilib, 6 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq soliq bosh inspektori Guliston shahrida faoliyat olib boruvchi 3 ta MCHJ soliq qarzlarini soddalashtirilgan tartibda bankrot deb topish yo‘li bilan bartaraf qilib berishga va’da berib, evaziga 4 ming AQSH dollarini olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingandi.
LiveBarchasi