Jizzaxda brakonerlar qo‘lga olindi

Jamiyat

image

Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimida noqonuniy baliq ovi bilan shug‘ullangan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi resurslaridan foydalanish sohasida iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘limiga fuqaro G‘.X. ariza bilan murojaat qilgan. Murojaatda Jizzax viloyati Zafarobod tumanida bir guruh shaxslar qonunchilik talablarini buzgan holda Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidan noqonuniy ravishda baliq ovlash va sotish bilan shug‘ullanayotganligini bildirib, ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Ushbu holat bo‘yicha jori yilning 5 mayida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Zafarobod tumani, “Lolazor” QFY, Toshloq ko‘chasida yashovchi fuqaro A.N. o‘ziga tegishli bo‘lgan hamda X.N. va M.D. bilan birgalikda baliqchilik turlarini ushlash qoidalari va muhofaza etiladigan tabiiy hududdagi hayvonot olamidan foydalanish tartibini buzib tutilgan 40 kg baliq mahsulotlarini fuqaro G‘.H.ga har bir kilogrammini 8 ming so‘mdan, jami 320,0 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ushlanib, undan 40 kg baliq mahsulotlari ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan berilgan xulosada fuqaro A.N.ning yashash uyidan olingan 45 bosh “Tostolob”, 41 bosh “Sazan” va 6 bosh “Karas” jami 92 bosh baliqlar taqiqlangan davrda va taqiqlangan joylarda tutilganligi qayd etilib, hayvonot dunyosiga yetkazilgan zarar 53 mln 845 ming 88 so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, X.N. va boshqalar sodir etilgan jinoiy qilmishdan qutilib qolish maqsadida Zafarobod tumanidagi “U.B.” fermer xo‘jaligi rahbari K.A.dan fermer xo‘jaligining shtamp va muhri bosilgan bo‘sh yuk xatini olib, yuk xatiga tutilgan baliq mahsulotlari “U.B.” fermer xo‘jaligiga qarashli sun’iy havzadan tutilganligi haqida soxta ma’lumotlar kiritib, tergovga qadar tekshirish davrida taqdim qilgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan fuqaro A.N., X.N., M.D. va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimini rivojlantirish sohasida qonunchilik ustidan nazorat boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentda “Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi resurslaridan foydalanish sohasida iqtisodiy huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘limi” may oyi boshida tashkil etilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura Aydar-Arnasoy baliq

Baholaganlar

33

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing