Jizzaxda avtobus va yo‘l tozalovchi mashina to‘qnashdi (video)
3-sahifa
−
30 yanvar 7576 1 daqiqa
Jizzax viloyati hududidan o‘tgan M-39 avtomagistralida yo‘lovchi avtobusi va yo‘l tozalovchi maxsus mashina to‘qnashib ketdi. Bu haqda Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 30 yanvar kuni soat 13:30 larda Jizzax viloyati hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega M-39 Toshkent – Termiz avtomobil yo‘lining 1000-kilometrda Samarqand – Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi avtobusi o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan yo‘l tozalovchi maxsus transportning orqasidan borib urishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Bildirilishicha, YTH oqibatida avtobus haydovchisi, yo‘lovchilari hamda maxsus transport haydovchisiga jiddiy jarohat yetmagan. 3 nafar fuqaroga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda ushbu holat Jizzax viloyati IIB JXX YHXB hamda tegishli idoralar tomonidan to‘liq nazoratga olingan hamda Sharof Rashidov tumani IIB tomonidan dastlabki tergov-surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahar Mirobod tumanida Kinglong rusumli avtobus yo‘lni ajratib turuvchi beton to‘siqqa borib urilgan edi. YTH oqibatida tan jarohat olganlar bo‘lmagan.