Jizzaxda 2 ta kichik, 2 ta katta reaktorli AES quriladi
Jamiyat
−
03 Oktabr 5146 3 daqiqa
Jizzax viloyatidagi bitta maydonda ikkita katta quvvatli reaktor va ikkita kichik quvvatli reaktor quriladi. Bu haqda joriy yilning 26 sentyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan butunjahon atom haftaligi doirasidagi Global atom forumining yig‘ilishida O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, butunjahon atom haftaligi doirasidagi Global atom forumining yig‘ilishini Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ochib bergan. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ham ishtirok etgan. Unda Jamshid Xo‘jayev mamlakat tarixidagi birinchi AES loyihasi noyob ekanini ta’kidlagan. Xususan, Jizzax viloyatidagi bitta maydonda har biri 1000 MVt bo‘lgan ikkita katta quvvatli reaktor va har biri 55 MVt bo‘lgan ikkita kichik quvvatli reaktor quriladi.
Bildirilishicha, 2035 yilga borib, qariyb 525 gektar maydondagi stansiya yiliga 15,2 milliard kVt•soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu mamlakatdagi bugungi kundagi umumiy iste’molning qariyb 15 foiziga teng. Bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek, ushbu loyiha energetikani diversifikatsiya qilish bo‘yicha keng strategiyaning bir qismi ekanini qayd etgan: 2030 yilga borib O‘zbekistonda “toza” energetika ulushi 40 foizdan oshishi kerak va atom elektr stansiyasi bu maqsadga erishishda salmoqli hissa qo‘shadi.
Global atom forumi doirasida ikkita strategik muhim bitimlar imzolangan.
Birinchi hujjat – “Rosatom Energetika loyihalari” AJ va “AES qurilishi direksiyasi” DK o‘rtasida 2025 yil 20 iyundagi bitimga O‘zbekiston Respublikasida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishning asosiy shartlari to‘g‘risidagi qo‘shimcha bitim. Hujjat 3+ avloddagi 2 ta VVER-1000 reaktorlari va 2 ta RITM-200N reaktorlari negizida kichik va katta quvvatli atom stansiyalaridan iborat integratsiyalashgan AES qurilishi loyihasining konfiguratsiyasini belgilaydi.
Ikkinchi hujjat – “Rosatom Energetika loyihalari” AJ va “AES qurilishi direksiyasi” DK o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi va katta quvvatli atom elektr stansiyasi uchun yadro yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarning asosiy shartlari to‘g‘risidagi bitim.
Bitim imzolovchilar o‘rtasida RITM-200N va VVER-1000 reaktor qurilmalari uchun yadro yoqilg‘isi, shuningdek, ehtiyot qismlar, montaj va nazorat uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha asosiy kelishuvlarni mustahkamlaydi.
“O‘zbekistonning qoq markazida, Jizzax viloyatida biz misli ko‘rilmagan energetika loyihasini yaratmoqdamiz. Markaziy Osiyoda atom energetikasini rivojlantirishda peshqadam bo‘lib, biz nafaqat mintaqada birinchi stansiyani qurmoqdamiz, balki birinchi bo‘lib kelajakning innovatsion yechimini yaratmoqdamiz. Bizning loyihamiz – bu kichik modulli stansiyalarning ilg‘or texnologiyalari va katta quvvatli klassik atom energetikasining vaqt sinovidan o‘tgan yechimlarining dadil birikmasidir”, deya qayd etgan “O‘zatom” agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev.
Shuningdek, ushbu hujjat yuzasidan “Rosatom” direktori Aleksey Lixachyov ham izoh bergan.
“Bugungi imzolash “Rosatom” va O‘zbekiston o‘rtasida tinch atom sohasida munosabatlarni rivojlantirishda yangi bosqich boshlanganidan dalolat beradi. Erishilgan kelishuvlar tufayli O‘zbekiston bir vaqtning o‘zida ham kichik quvvatli zamonaviy atom stansiyasi, ham katta quvvatli atom elektr stansiyasi ishlaydigan integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini quradigan dunyodagi birinchi mamlakat bo‘ladi”, deydi Aleksey Lixachyov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan qabulda O‘zbekiston hududida bir vaqtning o‘zida ikkita Rossiya Atom elektr stansiyasini (biri katta va biri kichik) qurish masalasi ko‘rib chiqilayotganini aytgan edi.
Live
Barchasi