Rossiya O‘zbekistonda 2 ta AES qurishni tezlashtirmoqchi
Jamiyat
−
30 avgust 2025 5983 2 daqiqa
O‘zbekiston hududida bir vaqtning o‘zida ikkita Rossiya Atom elektr stansiyasini (biri katta va biri kichik) qurish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasida O‘zbekiston mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan qabulda aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Markaziy Osiyoda bunday turdagi birinchi loyihadir.
“O‘zbekistonda Rossiya loyihasi bo‘yicha ikkita, biri katta va biri kichik atom elektr stansiyasini qurish masalasi ustida ish olib borilmoqda. Bu Markaziy Osiyo mintaqasida bunday turdagi birinchi loyiha”, dedi u.
Ryabkov AESning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi O‘zbekistonga yangi texnologik yutuq yaratish imkonini berishiga ishonchi komil ekanini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning aprel oxirida “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov jurnalistlarga bergan intervyusida O‘zbekistonda kichik AES qurilishi doirasida yaqin bir yil ichida beton quyilishini kutayotganlarini aytgandi. U, shuningdek, O‘zbekistonda katta AES qurilishi bo‘yicha ham kompaniya tayyor takliflar ishlab chiqqanini bildirgandi. Bu takliflar orasida moliya modeli, tashkiliy masalalar va maksimal mahalliylashtirishga doir variantlar mavjud.
O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilgan kichik AES – bu “Rosatom”ning xorijdagi ilk eksport loyihasi hisoblanadi. Loyiha bo‘yicha ikki davlat o‘tgan yilning bahorida kelishuvga erishgan, kuzda esa texnik hujjatlarni ishlab chiqish va loyiha ishlarini boshlash to‘g‘risida protokol imzolangan edi.
Avvalgi rejalarga ko‘ra, har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan olti reaktor qurilishi kerak edi. Qurilish ishlari joriy yil yozida boshlanishi, AESning bosqichma-bosqich ishga tushirilishi esa 2029-2033 yillar oralig‘ida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
“Rosatom” rahbarining avvalroq bergan bayonotlarida bildirishicha, loyihani moliyalashtirishni O‘zbekiston tomoni zimmasiga oladi, Rossiya krediti esa hozircha ko‘rib chiqilmayapti.
Live
Barchasi