“Jirona” bilan o‘yin yakunida “Real” futbolchilari o‘rtasida noodatiy holat yuz berdi
Sport
−
12 fevral
11919Joriy yilning 10 fevral kuni Ispaniya chempionatining 24-turida “Real Madrid” va “Jirona” klublari to‘qnash keldi. Bahsda “qaymoqranglilar” raqibini 4:0 hisobida mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Uchrashuv yakunida “Real” futbolchilari o‘rtasida noodatiy holat yuzaga keldi. Bu haqda “Real French Madrid” xabar berdi.
Madrid klubi “Jirona” futbolchisining jarima maydonchasi ichida qo‘polligi uchun penalti tepish huquqini qo‘lga kiritdi. Mezbonlarning ispaniyalik hujumchisi Xoselu penaltini tepish uchun bordi, biroq shu vaziyatda uni Orelen Chuameni to‘xtatib qoldi. U to‘pni Xoseludan olishga harakat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, fransiyalik futbolchi hujumchidan o‘yin oxirida maydonga tushgan turkiyalik yosh yarim himoyachi Arda Gulerga penaltini tepish huquqini berishni so‘ragan, biroq, Xoselu to‘pni qaytarishdan qat’iyan bosh tortgan. Xoselu penaltini o‘zi amalga oshirdi va golga aylantira olmadi. Hujumchining zarbasidan keyin to‘p ustunga tegib qaytdi.
Ma’lumot uchun, bu uchrashuv Guler uchun Madrid klubida La Ligadagi ikkinchi uchrashuv bo‘ldi. Hozircha 2 ta o‘yinda o‘z nomiga gol yoki assist yozdirib qo‘ya olmadi.