Jirinovskiy tibbiy koma holatiga tushirildi – OAV
Olam
−
26 fevral 2022
14896Rossiya Liberal-demokratik partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiy sun’iy nafas olish apparatiga ulandi va tibbiy koma holatiga tushirildi. Bu haqda Mash xabar berdi.
“Shifokorlar uning tomog‘iga trubka qo‘yib, hayotni qo‘llab-quvvatlash apparatiga o‘tkazishdi. Mexanik ventilyatsiyaga to‘liq o‘tish uchun shifokorlar uni tibbiy koma holatiga tushirishdi. So‘nggi paytlarda Vladimir Volfovichning sog‘lig‘i yomonlashdi: u zo‘rg‘a gapirgan va nafas olgan - o‘pkasi ishlashdan to‘xtagan”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, Liberal-demokratik partiya matbuot xizmati Vladimir Jirinovskiyning ahvoli yomonlashgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, uning ahvoli barqaror ekanligini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Jirinovskiy joriy yilning 2 fevral kuni koronavirusning “omicron” shtammi bilan kasallangandi.
Mahalliy nashrlarning joriy yilning 9 fevralida bergan xabariga qaraganda, Jirinovskiy ahvoli og‘ir va u allaqachon sun’iy havo berish moslamasiga ulangan edi. Uning atrofidagi manbalarning bildirishicha, Vladimir Jirinovskiy qarindoshlari, hamkorlari, yaqinlari va shifokorlarini tanishni to‘xtatgan.
Vladimir Jirinovskiy sobiq sovet davlatlariga aloqador turli xil tuturiqsiz provokatsion fikrlar bildirishi bilan odamlarga yaxshi tanish. Ko‘plab ekspertlar uni "Kremlning og‘zi" deb hisoblaydi.
So‘nggi bor u Qozog‘istonda yanvar oyida yuz bergan tartibsizliklar SSSR tarkibida bo‘lgan barcha respublikalarda sodir bo‘lishini aytgandi.