Jinoyat qilgan odamning dinga bo‘lgan munosabatini oldingi sahnaga olib chiqmaslik kerak – Musulmonlar idorasi

Jamiyat

image

Avvalroq, Navoiyda Quroni Karim kitobi ichiga giyohvand moddani yashirib, sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi. Manbada qo‘lga tushgan shaxs mulla ekani aytilgandi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi shu asosda tarqatilgan imom-xatib, mulla qo‘lga olindi kabi xabarlarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, idora ushbu holatni tezkorlik bilan o‘rganib, qo‘lga olingan shaxs Diniy idora tizimida mutlaqo ishlamasligi to‘g‘risida tegishli ommaviy axborot vositalari va internet manbalari mas’ullariga xabar bergan. Shundan keyin “imom-xatib”, “mulla” so‘zlari “shaxs”, deb qayta tahrir qilingan.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim noxushliklarni muborak Islom dini, masjid yoki imom-domlalarga bog‘lash holatlari kuzatilmoqda, bu ish gunoh hisoblanadi.

“Jinoyat qilgan odamning har qanday holatda ham dinga bo‘lgan munosabatini oldingi sahnaga olib chiqilmaslik kerak. Bu odam jinoyat qilgan bo‘lsa, qonuniy jazosini oldi. Biroq har qanday imkoniyatdan foydalanish ilinjida masjid yo imomni yomonotliq qilishga urinish og‘ir gunoh. Har bir ijodkor mazkur mavzularda so‘z yuritar ekan, tasavvurida Alloh taolo va Uning Rasuli, Islom dini qadr-qimmati paydo bo‘lsa, so‘z aytish mas’uliyatini yanada teranroq anglaydi.

O‘z navbatida qat’iy ta’kidlaymizki, giyohvand moddalarni sotish, yetkazib berish bilan shug‘ullanayotgan yoki iste’mol qilayotganlar ko‘zlarini ochsinlar. Avvalo Alloh taolo oldida javob berishini unutmasin. Besh kunlik hayotda arzimagan sariq chaqaga uchib, harom yo‘l bilan pul topib, gunoh ishlarni qilib oxiratdagi abadiy rohatdan benasib qolishdan ehtiyot bo‘lsin. Yomon ish jazosiz qolmaydi, ertaga, albatta, qonun oldida javob beradi. Unday insonlar hayotda zor, oxiratda esa xor bo‘ladi”, deyiladi idora bayonotida.

Musulmonlar idorasi, OAV vakillari, jurnalistlar, sayt muxbirlari, ijtimoiy tarmoqlar yurituvchilari va blogerlarni muborak Islom dini, Diniy idora, masjidlar, ulamolar va imom-domlalar bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday xabarlarni yoritishda yaqindan hamkorlik qilishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Musulmonlar idorasi

Baholaganlar

125

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing