Jinoiy javobgarlikka tortish kerak – “Adolat”chi taklifi
Jamiyat
−
11 Sentabr 2019
19991Xabaringiz bor, kecha, 10 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlar va rasmiy OAVda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi-muftiy Usmonxon Alimov lavozimidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Oradan 30 daqiqa o‘tar-o‘tmas bu xabarlar isbotini topmadi. Biroq, o‘sha zahoti Musulmonlar idorasi raddiy bergani yo‘q. Aksincha, bir necha soat o‘tib, ta’bir joiz bo‘lsa alanga o‘chib bo‘lgach, Alimov o‘z o‘rnida faoliyatini davom ettirayotganini aytib chiqdi.
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari Abdukamol Rahmonov Usmonxon Alimov haqida tarqalgan xabarlar unga nisbatan qasddan uyushtirilganini iddao qilmoqda. U O‘zAda e’lon qilingan maqolasida shunday deydi:
“Demak, kimdir qasddan bu yolg‘on axborotni qonun hujjatlariga zid ravishda tarqatgan va pirovardida xalqimiz, qo‘shni mamlakatlar va butun musulmon olami o‘rtasida nafaqat Usmonxon Alimovning sha’ni, qadr-qimmatiga mamlakatimiz obro‘siga, O‘zbekistonning axborot tarqatuvchi tizimiga ham putur yetkazgan, deb hisoblaymiz”, deydi “Adolat”chi. Rahmonov.
U maqolasini davom ettirarkan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik kodeksi va Jinoyat kodeksida qanday javobgarlik qayd etilganini eslatadi.
“Kimnidir sha’ni, qadr-qimmatiga ta’sir qiluvchi uydirmalarni tarqatish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik kodeksining 40-moddasiga muvofiq javobgarlikka asos bo‘ladi. Unda tuhmat, ya’ni bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish uchun javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lib, eng kam ish haqining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Agar shu harakatlar nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshirilsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasiga muvofiq eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Bunday yolg‘on axborotlar qasddan yoki shoshma-shosharlik bilan sovuqqonlik oqibatida berilayotgani ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan ishonchning susayishiga yoki batamom yo‘qolishiga sababchi bo‘lishi mumkin”, deydi Rahmonov.
U maqola so‘nggida xabarni tarqatgan shaxsni topib, jinoiy javobgarlikka tortish masalasini o‘rtaga tashlaydi. Rahmonovning fikricha, Alimovning manfaatlari ko‘zlangan holda juda katta miqdorda ma’naviy zarar undirilishi kerak.
“Shu nuqtai nazardan, mazkur yolg‘on axborotni birinchi bo‘lib tarqatgan shaxsni aniqlab, bunday ijtimoiy xavfli xatti-harakatni sodir etgan jismoniy shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish lozim. Qolaversa, O‘zbekiston musulmonlari idorasining raisi, muftiy hazratlari manfaatini ko‘zlab juda katta miqdorda ma’naviy zarar undirish kerak. Zero, bunday ta’sir choralari mamlakatimiz axborot xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlasin, ommaviy axborot vositalariga bo‘lgan keng jamoatchilik ishonchi va hurmatini saqlab qolsin. Eng muhimi, mamlakatimizda qonun ustuvor bo‘lsin”, deydi Abdukamol Rahmonov.
LiveBarchasi