JIDUda yangi magistratura yo‘nalishi ochildi
Sport
−
03 may 2019
5148O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ilgari surgan 5 ta tashabbusda mamlakat yoshlari orasida sportni rivojlantirish, ularni jismonan sog‘lom va faol bo‘lishlarini ta’minlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish masalariga alohida urg‘u berilgan. Bugun ushbu tashabbus ijrosi doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU), Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda MOQ Matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Ushbu hamkorlikka asosan JIDUda sport boshqaruvi kadrlarini tayyorlash, turli Milliy va Xalqaro sport federatsiyalari bilan mustahkam aloqalar o‘rnatish, shuningdek, JIDU magistraturasida “Sport xuquqi” kafedrasini tashkil etish rejalashtirilgan.
“Biz professional sportimizni yanada rivojlantirish uchun sport boshqaruvi sohasida ham jahonning yetakchi mamlakatlari qatoriga kirib borishimiz kerak. Kelajakda universitet bilan hamkorlikni yanada rivojlantirib, malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ish olib boramiz. Buning uchun universitetning iqtidorli talabalarini yirik xalqaro musobaqalarda delegatsiyamiz bilan birgalikda faoliyat olib borishi kabi keng imkoniyatlar yaratib beramiz. Sport huquqi va boshqaruvi bo‘yicha mutaxassis kadrlar yurtimiz sportini yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutadi”, dedi Umid Ahmadjonov.
Shundan so‘ng, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti birinchi prorektori Matyokub Baqoyev va Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov “Sportda boshqaruv kadrlarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida”gi memorandumni imzolashdi.
Mazkur memorundum talabalar o‘rtasida sportni yanada ommalashtirish, ularni sog‘lom turmush tarziga jalb qilishda muhim ahamiyatga ega. Tadbirni universitet rahbariyati, MOQ, O‘FA mutasaddilari, sportimiz faxriylari, Abdullo Tangriyev, Murodjon Ahmadaliyev, Bahodir Jalolov, Shohjahon Ergashev, Iroda To‘laganova kabi o‘zbek sporti yulduzlari, talabalar hamda Ommaviy axborot vositalari xodimlari katta qiziqish bilan kuzatib borishdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2030 yilgi Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilishni rejalashtirmoqda. Bugun imzolangan memorandum bo‘lajak yirik kompleks musobaqaga munosib tayyogarlik ko‘rish yo‘lida har tomonlama ilg‘or kadrlarni yetishtirib berishi bilan yanada ahamiyatlidir.