Jenisbek Piyazov tarixiy "La Scala” sahnasida kuylagan ilk o‘zbek bo‘ldi
Madaniyat-san’at
−
13 noyabr 2019
9751Qoraqalpog‘iston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jenisbek Piyazov "La Scala” teatri sahnasida kuylagan ilk o‘zbek operachisi bo‘ldi. Bu haqda uning o‘zi Instagram’dagi sahifasida yozmoqda.
Xonanda Italiyaning Pezaro shaxrida jori yilning oktyabr oyida boshlanib, shu kunlarda davom etaëtgan bastakor Rossini (1792 - 1868) festivalida ishtirok etgan va festival g‘olibi sifatida “La Scala” teatri sahnasida kuylash huquqini qo‘lga kiritgan.
Piyazov “La Scala” sahnasida kuylash uchun 600 nomzod ichidan tanlab olingan to‘rt xofizdan biri bo‘lgani alohida urg‘ulanmoqda.
E’tiborlisi shundaki, Piyazov Rossini uy-muzeyi balkonidan turib ariyalar ijro etgan ilk o‘zbekistonlik sifatida ham tarixga kirdi.
Ma’lumot o‘rnida, bastakor Rossini yashagan uy balkonidan qo‘shiq kuylash huquqi dunëda e’tirof qilingan opera xofizlariga beriladi. Piyazovdan oldin bu balkondan turib afsonaviy opera qo‘shiqchisi italiyalik Nikola Alaimo (Nicola Alaimo) kuylagan edi.
Ma’lumot uchun, bastakor Rossini musiqa festivali 40 yildan beri Italiyada o‘tkazib kelinadi. Festivaldan maqsad – yangi opera ovozlarini kashf qilib dunëga tanishtirish.
“La Scala” (Teatro alla Scala) — Milan shahridagi opera teatri bo‘lib, u 1778 yili qurilgan. “La Scala” teatri dunë opera madaniyati markazi hisoblanadi.
Jenisbek Piyazov esa ayni vaqtda Italiya opera akademiyasida tahsil olmoqda va italyan tilini o‘rganmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Jenisbek Piyazov joriy yilning 15 dekabr kuni Toshkentdagi “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida konsert dasturini taqdim etmoqda.