Jeki Chan “Tig‘iz payt 4” filmi suratga olinishini ma’lum qildi

Madaniyat-san’at

image

Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tayotgan “Qizil dengiz” kinofestivalidagi matbuot anjumanida ishtirok etgan aktyor Jeki Chan OAV xodimlari bilan bo‘lgan muloqotda “Tig‘iz payt 4” filmi ustida ish olib borilayotganini ma’lum qilgan. Bu haqda “Deadline” nashri xabar berdi.

Jeki Changa ko‘ra, u tez orada film rejissyori bilan uchrashadi va birgalikda ssenariyni muhokama qiladi.

Nashrda keltirilishicha, Chan yangi filmga aynan kim rejissyorlik qilishini ochiqlamagan bo‘lsada, u “Tig‘iz payt” filmining dastlabki uchta qismini suratga olgan Brett Ratnerni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, ijodkor matbuot anjumanida ushbu filmni yaratilish tarixi haqida so‘zlab bergan.

“Men Gollivudga borishga ko‘p marta urinib ko‘rdim, lekin men ingliz tilini yaxshi bilmasdim. Amerikada bo‘lgan vaqtimda menejerim menga “Tig‘iz payt” nomli film ssenariysini ko‘rsatdi. Men film Gonkong politsiyasi haqida ekanini eshitib dast-avval rozi bo‘lmadim, ammo menejerimni undovi bilan urinib ko‘rishga qaror qildim”, deydi u.

Jeki Chan 1998 yilda “Tig‘iz payt” filmi premerasidan so‘ng unga hayajonga to‘la qo‘ng‘iroq bo‘lganini eslagan.

“Birinchi film katta ekranlarga chiqqanidan so‘ng, rejissyor Ratner va aktyor Taker menga qo‘ng‘iroq qildi va katta muvaffaqiyatga erishganimizni aytishdi. Keyin esa 2 va 3-qism suratga olindi”, deydi Chan.

Shuningdek Jeki Chan ijodini boshlaganiga 60 yil to‘lgani haqida aytib, endilikda jangari filmlar ustida kamroq ishlashi, ko‘proq sevgi-muhabbat tarixiga e’tibor qaratishini aytib o‘tgan. Qolaversa, hozirda “ayollar” uchun dramatik film tayyorlagani, tez orada yangi kinofilm premerasi bo‘lib o‘tishini ham ma’lum qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, “Tig‘iz payt” filmining dastlabki uchta qismi 1998, 2001 va 2007 yillarda namoyish etilgan. Filmning umumiy daromadi 850 million AQSH dollariga yetgan.

Film gonkonglik inspektor Li va Amerikalik detektiv Jeyms Karter birgalikda fosh etgan jinoyatlar haqida hikoya qiladi. Kartinaning asosiy sahnalari Gonkong, AQSH va Fransiyada suratga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Jeki Chan Tig'iz payt Brett Ratner

Baholaganlar

160

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing