JCHning rasmiy to‘pi koinotga uchirildi
Sport
−
22 iyun 1797 2 daqiqa
2026 yilgi FIFA Jahon chempionatining rasmiy to‘pi – Trionda ilmiy tajriba doirasida Xalqaro kosmik stansiyaga (XKS) olib chiqildi. Bu haqda NASA xabar berdi.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad nol tortishish kuchi sharoitida to‘pning harakati va unga o‘rnatilgan sensorlar qanday ishlashini o‘rganishdan iborat bo‘ldi. XKS ekipaji to‘pning muvozanati uning harakatiga qay darajada ta’sir qilishini namoyish etish uchun 2019 yilda o‘tkazilgan tajribani takrorladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda NASA va Adidas hamkorligida SpaceX CRS-18 missiyasi orqali futbol to‘plari XKSga yuborilgan edi. Astronavtlar nol tortishish sharoitida to‘plarning aylanish tezligi, tebranishi va harakat trayektoriyasini o‘rganib, olingan natijalarni Yerdagi tajribalar bilan taqqoslagan.
Tadqiqotning asosiy maqsadi to‘p ichidagi massa taqsimoti uning barqarorligi va parvoziga qanday ta’sir ko‘rsatishini aniqlash bo‘lgan.
“Futbol to‘plari oldindan bashorat qilish mumkin bo‘lgan tarzda harakatlanishi kerak. Shuning uchun sport muhandislari ularning massa markazi va muvozanatini doimiy ravishda o‘lchaydi va takomillashtiradi. Bu yil XKS ekipaji Trionda yordamida ushbu tajribani yana bir bor takrorladi”, deyiladi NASA’ning bayonotda.
Tadqiqotlar olimlarga to‘p ichiga joylashtirilgan texnologiyalar, ayniqsa sensorlarning o‘yin vaqtidagi samaradorlikka ta’sirini yaxshiroq tushunish imkonini berdi.
NASA ta’kidlashicha, futbolni takomillashtirishga qaratilgan bu tajriba XKSdagi ilmiy izlanishlar Yerdagi hayot uchun qanday foyda keltirishining yana bir namunasidir.
Nashrlarning yozishicha, Trionda Jahon chempionatlari tarixidagi eng yuqori texnologiyali to‘plardan biri hisoblanadi. U 500 Gs tezlikda ishlaydigan inersial o‘lchov birligi (IMU) bilan jihozlangan bo‘lib, to‘pning joylashuvi, tezligi va aylanishi haqidagi ma’lumotlarni VAR tizimiga uzatadi. Shuningdek, u futbolchining to‘pga tegish lahzasini ham aniqlay oladi.
Trionda nomi ispan tilidagi “uch to‘lqin” ma’nosini anglatuvchi iboradan olingan bo‘lib, turnirning uch mezbon mamlakati – AQSH, Kanada va Meksikani ramziy ifoda etadi. To‘p dizaynida qizil, yashil va ko‘k ranglardan foydalanilgan, sirtida esa zarang bargi, burg‘ut va yulduz tasvirlari aks etgan. Chuqur choklarga ega to‘rt panelli tuzilma to‘pning barqarorligini oshirsa, maxsus teksturali qoplamasi yomg‘irli ob-havoda ham yaxshi nazoratni ta’minlaydi.
Live
Barchasi