JCHning eng esda qolarli uchrashuvlari: Argentina – Meksika

Sport

image

QALAMPIR.UZ joriy yilda bo‘ladigan mundial oldidan ushbu musobaqa tarixida kuzatilgan eng esda qolarli o‘ynlarini eslatadi. 2022 yil 26 noyabr, “Lusail” stadioni. Jahon chempionati guruh bosqichining 2-turidan o‘rin olgan Argentina – Meksika uchrashuvi.

Ushbu mundial Argentina uchun juda og‘ir boshlangan edi. Ilk turda jamoa kutilmaganda Saudiya Arabistoni milliy terma jamoasiga mag‘lub bo‘ldi va o‘zini juda qiyin ahvolga solib qo‘ydi. Shu sababli Meksikaga qarshi o‘yin argentinaliklar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega edi: g‘alaba – umidni saqlab qolish, mag‘lubiyat esa deyarli turnir bilan xayrlashish degani edi. Bu nafaqat jamoa, balki Lionel Messi uchun ham katta bosim bo‘lgan. Uning karerasidagi eng katta orzu – Jahon kubogini qo‘lga kiritish yana xavf ostida qolgandi. 2014 yil yilgi mundial finalidagi mag‘lubiyat, Mario Gyotsening asosiy vaqt tugashiga 7 daqiqa qolganda kiritgan hal qiluvchi goli haligacha unutilmagan xotira edi. Albatta, Messi keyinchalik Kopa Amerikada g‘alaba qozonib, terma jamoa bilan sovrin yutdi. Shuningdek, Finalissimada Italiya ustidan ishonchli g‘alaba ham qo‘lga kiritildi. Biroq uni Pele va Diyego Maradona kabi buyuklar qatorida to‘liq tan olish uchun aynan Jahon kubogi kerak edi.

Uchrashuv agressiv boshlandi. Birinchi taymning dastlabki o‘ttiz daqiqasida Argentina deyarli hujum qila olmadi, asosan Meksika hujumlarda faol bo‘ldi va bir-ikki vaziyatda hisobni ochishga yaqin keldi. Birinchi bo‘lim statistikasi ham shimoliy amerikaliklarning zarbalar bo‘yicha ustunligini ko‘rsatib turdi. Ikkinchi bo‘limda Argentina bosimni oshirdi, Meksika asosan himoyalanish bilan ovora bo‘ldi va bu 63-daqiqaga kelib o‘z samarasini berdi. Di Mariyaning o‘ng qanotdan uzatgan to‘pini jarima maydonchasi tashqarisidan qabul qilib Messi birinchi urinishda chap oyog‘iga to‘g‘rilab olib, ikkinchi urinishda Meksika darvozasining uzoq pastki burchagini nishonga oldi va bu vaziyatda Gilerme Ochoa ojiz qoldi – 1:0. Goldan so‘ng Argentinaning o‘yini yanada ochildi va bahsning asosiy vaqti tugashiga 3 daqiqa qolganda qisqa paslar bilan burchak to‘pini o‘yinga kiritgan Skaloni shogirdlari hisobdagi farqni ikkitaga oshirib qo‘ydi. Messi oshirgan uzatmani o‘sha paytda “Benfika” sharafini himoya qilayotgan Enso Fernandes jarima maydoni ichida Andres Guardadoni aldab o‘tib, chiroyli tarzda to‘pni darvozaning yuqori uzoq burchagiga joylab qo‘ydi — 2:0. O‘yinda boshqa gol kiritilmadi va Messi uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Shundan so‘ng “Albiseleste” 3-turda Polshani ham 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Nimchorak finalda Avstraliya 2:1 hisobida yengildi, chorak finalda esa Niderlandiya penaltilar seriyasida taslim etildi. Yarim finalda Argentina 2018 yilgi mundial finalchisi Xorvatiyaga qarshi maydonga tushdi. Qizig‘i, o‘sha mundialning guruh bosqichida argentinaliklar 0:3 hisobida xorvatlarga mag‘lub bo‘lgan edi. Bu safar esa barchasi teskari bo‘ldi – Argentina raqibini xuddi shu hisobda mag‘lub etdi. Fransiyaga qarshi final esa Jahon chempionatlari tarixidagi eng dramatik o‘yinlardan biri sifatida yodda qoldi. Argentinaning ikkinchi goli, Kilian Mbappening hisobni tenglashtirishi, ekstra-taymlardagi Kolo Muanining zarbasi va Emiliano Martinesning “asr seyvi” – bularning barchasi o‘sha kechani unutilmas qildi. Yakunda esa Argentina chempionlikni qo‘lga kiritdi. Lionel Messi esa orzusi ushalgan mundialda turnirning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

Shu tariqa, Messi boshchiligidagi Argentina tarixiy g‘alabaga erishdi. Va aynan guruh bosqichidagi Meksikaga qarshi o‘yin jamoa uchun haqiqiy burilish nuqtasi bo‘ldi. Ana shu bellashuvdan keyin uch karra jahon chempionlari o‘yindan-o‘yinga ochilib bordi va turnirni chiroyli tarzda yakunladi.

Ramazon Usanov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Jahon chempionati Argentina Meksika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing