JCH o‘yinlari AQSHdagi “xavfli” shaharlardan ko‘chirilishi mumkin
Sport
−
26 Sentabr 2025 5542 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp 2026 yilgi Jahon chempionati o‘yinlarini xavfsizlik sababli boshqa shaharlarga ko‘chirishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda u Oval kabinetda jurnalistlarga ma’lum qildi.
2026 yilning yozida AQSH, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan 48 jamoali mundialning katta qismi AQSHda o‘tkaziladi. Rejaga ko‘ra, 104 ta o‘yindan 78 tasi, shu jumladan, pley-off bahslari ham AQSHning 11 ta shahrida bo‘lib o‘tadi. Mezbon shaharlarni tanlash va turnirni tashkil etish FIFA vakolatiga kiradi. Shu bois, Trampning o‘yinlarni boshqa shaharga ko‘chirish vakolati bor-yo‘qligi noma’lum. Biroq u FIFA prezidenti Janni Infantino bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi va Jahon chempionati ishchi guruhi raisi hisoblanadi.
“O‘yinlar xavfsiz bo‘ladi. Agar xavfsiz emas deb hisoblasak, biz ularni boshqa shaharga ko‘chiramiz”, deydi Tramp jurnalistlarga.
Trampdan demokratlar boshqaruvidagi Sietl va San-Fransiskoda bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar haqida so‘ralganida u Los-Anjelesni ham tilga olgan. Bu shahar 2028 yilgi Olimpiada o‘yinlariga va Jahon chempionatida sakkizta uchrashuvga mezbonlik qilishi rejalashtirilgan.
“Agar jahon chempionati yoki Olimpiada uchun belgilangan shaharlardan biri xavfsizlik nuqtai nazaridan muammoli bo‘lsa, biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz va o‘yinlarni boshqa joyga ko‘chiramiz”, deydi Tramp.
AQSH yetakchisi jinoyatchilikka qarshi kurashni siyosiy kun tartibining markaziga qo‘ygan. U yaqinda jinoyatchilik darajasi 2023 yilda keskin kamayganini ko‘rsatuvchi raqamlarga qaramay, Vashingtonga Milliy gvardiya va federal qo‘shinlarni joylashtirgandi. Prezident, shuningdek, Memfis va Chikagoga ham qo‘shin yuborishni rejalashtirayotganini aytgan. Joriy yilning iyun oyida esa u Los-Anjelesga 2000 nafar Milliy gvardiyachini hujjatsiz muhojirlarga qarshi reydlar chog‘ida tartibsizliklarni jilovlash uchun yuborgandi.
Ma’lumot uchun, AQSHning 11ta shahri: Atlanta, Boston, Dallas, Xyuston, Kanzas-Siti, Los-Anjeles, Mayami, Nyu-York, Filadelfiya, San-Fransisko va Sietlda Jahon chempionati uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Turnir 2026 yil 11 iyundan 19 iyulgacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksikada o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Jahon chempionati maskotlari namoyish etgani haqida xabar berilgan edi. Xususan, Klatch (burgut), Zayyu (yo‘lbars) va Meypl (bug‘u) turnirni hamkorlikda o‘tkazayotgan uch davlatning ramziy jihatdan ifodalaydigan uchlik hisoblanadi. Burgut – AQSH, yo‘lbars – Meksika va bug‘u – Kanada.
Live
Barchasi