JCH(U-20): Gvatemala to‘sig‘idan o‘tgan O‘zbekistonga pley-offda kim duch keladi?
Sport
−
27 may 2023
16274Argentina mezbonlik qilayotgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatining 3-tur o‘yinlari start oldi.
“A” guruhida kurash olib borgan O‘zbekiston jamoasi guruh bosqichining so‘nggi turida Gvatemalaga qarshi to‘p surib, 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindagi 2 ta golga ham 9-raqamdagi Shahzodbek Ne’matjonov mualliflik qildi. Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda mezbon Argentina Yangi Zelandiyani 5:0 hisobida tor-mor qildi. Shunday qilib, Ravshan Haydarov shogirdlari 2-o‘rin bilan 1/8 finaliga yo‘l oldi.
Endi O‘zbekiston U-20 jamoasi 1/8 finalda “S” guruhida 2-o‘rinni egallagan jamoa bilan to‘qnash keladi. Hozircha ushbu guruhda Yaponiya 2-pog‘onani band etib turibdi. 28 mayga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadigan o‘yinlardan so‘ng, “S” guruhidagi vaziyatga ham to‘liq oydinlik kiritiladi. Mazkur guruhning 3-turida Yaponiya Isroilga qarshi bahs olib borsa, Kolumbiya Senagalga qarshi maydonga tushadi.
Ta’kidlash joiz, “S” guruhida faqatgina Kolumbiya muddatidan avval pley-off yo‘llanmasini naqd qilgan. E’tiborlisi, guruhdagi qolgan 3 ta jamoada ham nimchorak final yo‘llanmasi uchun imkoniyatlar saqlanib turibdi.
LiveBarchasi