JCH pley-off bosqichiga qaysi jamoalar yo‘l oldi?

Sport

image

Hozirda 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichining so‘nggi 3-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda. Ayni paytga qadar 19 ta terma jamoa pley-off bosqichiga chiqishni kafolatladi.

Meksika, Shveysariya, Braziliya, AQSH, Germaniya, Niderlandiya va Argentina o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni egalladi.

Janubiy Afrika, Kanada, Marokash, Avstraliya, Kot-d'Ivuar va Yaponiya esa ikkinchi o‘rin orqali keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Fransiya, Norvegiya va Kolumbiya ham pley-offga chiqishni ta’minladi. Biroq mazkur jamoalarning guruhdagi yakuniy o‘rni hali aniqlanganicha yo‘q.

Uchinchi o‘rinni egallagan jamoalar orasida Bosniya va Gersegovina, Ekvador hamda Shvetsiya eng yaxshi natija qayd etib, pley-off bosqichiga yo‘llanma olishi aniq bo‘lib ulgurgan terma jamoalar qatorida hisoblanadi.

2026 yilgi mundialda pley-off bosqichida jami 32 ta jamoa ishtirok etadi. Ulardan 24 tasi o‘z guruhlarida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar bo‘lsa, yana sakkizta yo‘llanma uchinchi o‘rinni egallagan eng yaxshi terma jamoalarga beriladi.

Musobaqaning 1/16 final bahslari joriy yilning 28 iyunidan 3 iyuligacha, 1/8 final uchrashuvlari 4–7 iyul kunlari, chorak finallar 9–11 iyul, yarim finallar esa 14 va 15 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi.

Uchinchi o‘rin uchun bahs 18 iyul kuni Mayamida, final esa 19 iyul kuni Nyu-Yorkda o‘tkaziladi.

Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionati ishtirokchilar soni bo‘yicha tarixdagi eng yirik musobaqa hisoblanadi. Ilk bor mundialda 48 ta terma jamoa qatnashmoqda. Bu 1998 yildan buyon o‘tkazilgan avvalgi yetti mundialga nisbatan 16 taga ko‘p ishtirokchi degani.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026 yilgi Jahon chempionati tarixdagi eng ko‘p gol urilgan turnir sifatida rekord qayd etgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing