JCH finalida tanaffus 30 daqiqa bo‘lishi mumkin
Sport
−
15 iyul 1724 2 daqiqa
FIFA’ning Superboul uslubidagi tanaffus shouini joriy etish haqidagi bahsli qarori ortidan 2026 yilgi Jahon chempionati finalida tanaffus 30 daqiqagacha uzaytirilishi mumkin. Bu haqda “The Telegraph” nashri xabar berdi.
Joriy yilning 19 iyul kuni Nyu-Jersidagi “MetLayf” stadionida bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati finali uchrashuvida ilk bor “final shou”si tashkil etiladi. Konsert dasturida kanadalik xonanda Jastin Biber, amerikalik pop yulduz Madonna, kolumbiyalik xonanda Shakira hamda Janubiy Koreyaning BTS guruhi ishtirok etadi. Tadbirga Coldplay guruhi solisti Kris Martin boshchilik qiladi.
Final boshlanishidan avval esa 90 daqiqalik yopilish marosimi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda aktyor Tom Kruz, xonandalar Laura Pauzini, Nikol Sherzinger, Robbi Uilyams hamda mashhur bloger ISHowSpeed ishtirok etadi.
Nashrga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning BBC va ITV telekanallari efir rejasini ehtimoliy 30 daqiqalik tanaffusga moslashtirishga allaqachon kirishgan. Bu 11 daqiqalik konsert dasturini efirga uzatish hamda birinchi bo‘limdan keyingi an’anaviy 15 daqiqalik ekspertlar tahlilini saqlab qolish imkonini beradi.
Konsertning o‘zi 11 daqiqa davom etadi. Biroq sahnani o‘rnatish va uchrashuv qayta boshlanishidan oldin uni yig‘ishtirish uchun qo‘shimcha vaqt talab etiladi.
Futbol qoidalarini belgilab beruvchi Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) qoidalariga ko‘ra, uchrashuvlar oralig‘idagi tanaffus 15 daqiqadan oshmasligi lozim.
2021 yilda IFAB Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL)ning tanaffusni 25 daqiqagacha uzaytirish taklifini rad etgan edi. Qarorga ko‘ra, bunday o‘zgarish futbolchilarning sog‘lig‘i va xavfsizligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shunga qaramay, FIFA 2025 yilgi Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finalida ham ushbu amaliyotni qo‘llagan. Nyu-Jersida bo‘lib o‘tgan o‘sha bahsda Coldplay, Doja Cat va Tems ishtirokidagi shou sababli tanaffus 25 daqiqaga cho‘zilgan. Xuddi shunday holat 2024 yilgi Amerika kubogi finalida ham kuzatilgan. O‘shanda Shakiraning chiqishi munosabati bilan tanaffus qariyb 25 daqiqa davom etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniya terma jamoasi Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lub etib, 2026 yilgi Jahon chempionati finaliga chiqqan birinchi jamoaga aylandi. Ikkinchi finalchi Angliya hamda Argentina o‘rtasidagi yarim final g‘olibi bo‘ladi.
Live
Barchasi