Ispaniya Jahon chempionati finaliga chiqdi
Sport
−
02:03 1750 2 daqiqa
Bugun, 15 iyul kuni AQSHning Texas shtati, Arlington shahrida bo‘lib o‘tgan 2026 yilgi Jahon chempionati yarim final uchrashuvida Ispaniya terma jamoasi Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
Ispanlar safida gollarga Mikel Oyarsabal 22-daqiqada penaltidan va Pedro Porro 58-daqiqada mualliflik qildi.
Shu tariqa, Luis de la Fuente shogirdlari Jahon chempionati finaliga yo‘l oldi. Ispaniya hal qiluvchi bahsda Angliya – Argentina uchrashuvi g‘olibi bilan kuch sinashadi.
Qayd etish joiz, Ispaniya terma jamoasi o‘z tarixida ikkinchi marta Jahon chempionati finaliga chiqdi. Ispanlar bundan avval 2010 yilda Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan mundial finalida Niderlandiyani qo‘shimcha bo‘limlarda 1:0 hisobida mag‘lub etib, ilk bor jahon chempioni bo‘lgan edi.
Fransiya esa 2014 yildan beri ilk bor Jahon chempionati finaliga chiqa olmadi. O‘shanda fransuzlar chorak finalda Germaniyaga 1:0 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqani tark etgan edi. Keyinchalik Germaniya o‘sha mundial chempioniga aylangan.
Shundan so‘ng Fransiya 2018 yilgi Jahon chempionatida chempionlikni qo‘lga kiritdi, 2022 yilgi mundialda esa finalgacha yetib bordi, biroq Argentinaga dramatik bahsda mag‘lub bo‘ldi. Asosiy va qo‘shimcha vaqt 3:3 hisobida yakunlangan bo‘lsa, penaltilar seriyasida argentinaliklar 4:2 hisobida ustun kelgan.
E’tiborlisi, Ispaniya va Fransiya so‘nggi uchta yirik turnirda ketma-ket yarim finalda o‘zaro to‘qnash keldi. Ispanlar avvalroq Yevro-2024 yarim finalida 2:1, 2025 yilgi UEFA Millatlar ligasi yarim finalida esa 5:4 hisobida ham g‘alaba qozongan edi.
Live
BarchasiToshkentdagi uyga o‘t ketdi
14 iyul