JCH-2026 ishtirokchilari soni 34 taga yetdi

Sport

image

Kecha, 17 noyabr kuni 2026 yilgi FIFA Jahon chempionati saralash bahslarida Germaniya va Niderlandiya terma jamoalari navbatdagi o‘yinlarida yirik hisobdagi g‘alabalarni qo‘lga kiritib, turnir final bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Germaniya terma jamoasi saralash bosqichi “A” guruhining so‘ngi turida Slovakiya ustidan 6:0 hisobidagi g‘alaba qozonib, Jahon chempionati yo‘llanmasini rasmiylashtirdi. Uchrashuvda dastlab Nik Voltemade hisobni ochgan bo‘lsa, Serj Gnabri oradagi farqni oshirdi. Leroy Sane esa tanaffusgacha ketma-ket ikki gol urdi. Ikkinchi bo‘limda Ridle Baku va debyutant Assan Uedraogo gol urib, yakuniy natijani 6:0 ko‘rinishiga yetkazdi. Shu tariqa 2014 yilgi jahon chempionlari ketma-ket 19-marta turnirning final bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi. Slovakiya esa endi mundial yo‘llanmasi uchun pley-offda kurash olib boradi.

Niderlandiya esa Amsterdamda Litvani 4:0 hisobida mag‘lub etib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Uchrashuvda dastlab Tidjani Reynders hisobni ochgan bo‘lsa, Kodi Gakponing penaltidan urgan goli, shuningdek, Xavi Simons va Doniyell Malenning yakuniy gollari bilan Niderlandiya yirik hisobdagi g‘alabani ta’minladi. Litva esa ushbu mag‘lubiyat bilan saralash “G” guruhida so‘nggi pog‘onani egalladi. Shu tariqa, JCHga yo‘l olgan jamoalar soni 34 taga yetdi. Yana 14 ta yo‘llanma qoldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon chempionati saralash bosqichi doirasidagi g‘alabalardan so‘ng Norvegiya 1998 yildan beri ilk bor, Portugaliya esa ketma-ket 7-marta mundialga avtomatik ravishda yo‘l olgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya Jahon chempionati Niderlandiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing