Norvegiya va Portugaliya ham Jahon chempionatiga yo‘l oldi
Sport
−
17 noyabr 1547 2 daqiqa
Kecha, 16 noyabr kuni Jahon chempionati saralash bosqichi doirasida bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda Norvegiya 1998 yildan beri ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanmani rasmiylashtirdi. Portugaliya esa Armaniston ustidan 9:1 hisobidagi g‘alaba evaziga guruhda birinchi o‘rinni egallab, ketma-ket 7-mundialga avtomatik ravishda yo‘l oldi.
Milandagi o‘ta muhim bahsda Stole Solbakken shogirdlari Italiyani 4:1 hisobida taslim etdi. Uchrashuv boshida Franchesko Esposito gol urib, mezbonlarga umid bag‘ishlagan bo‘lsa-da, ikkinchi bo‘limda norveglar butunlay boshqa jamoaga aylandi.
Ikkinchi bo‘lim avvalida Antonio Nusa hisobni tenglashtirdi, shundan so‘ng Erling Holand ikki daqiqada ikkita gol urib, o‘yinning taqdirini hal qildi. Yakunda Yorgen Strand-Larsen ham gol kiritib, Norvegiyaning yirik va tarixiy g‘alabasini mustahkamladi. Bu natija Italiya uchun ketma-ket uchinchi mundialni ham pley-offdan keyin qo‘ldan chiqarish xavfini kuchaytirdi.
Roberto Martines boshchiligidagi Portugaliya Armanistonga qarshi bellashuvda 9:1 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritdi. Portugaliyaning ilk golini Renato Veyga urgan bo‘lsa, keyinroq Gonkalo Ramush, Fransishku Konseysan va ikkita penalti bilan Fernandesh o‘z nomini tabloga yozdirib bordi. Nevesh esa uchala goli bilan bahs yulduziga aylandi. Krishtianu Ronaldu qizil kartochka tufayli ushbu uchrashuvni o‘tkazib yubordi.
Bu g‘alaba Portugaliyaga guruhda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishga imkon berdi. Jamoa endi mundialga tayyorgarlikka kirishadi. Shu tariqa, JCHga yo‘l olgan jamoalar soni 32 taga yetdi. Yana 16 ta yo‘llanma qoldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorvatiya Farer orollari ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozonib, mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.
Live
Barchasi