Jazoir ham Jahon chempionatiga yo‘l oldi
Sport
−
10 Oktabr 2025 1662 2 daqiqa
Jazoir terma jamoasi 12 yillik tanaffusdan so‘ng yana futbol olamining eng nufuzli musobaqasi Jahon chempionatida ishtirok etadigan bo‘ldi. Jamel Belmadi boshchiligidagi jamoa saralash bosqichidagi hal qiluvchi o‘yinda Somali ustidan 3:0 hisobida g‘alaba qozonib, 2026 yilgi mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Uchrashuvda “Al-Ahli” klubi vingeri Riyad Maxrez jamoasining asosiy qahramoniga aylandi. U 6-daqiqada Muhammad Amuraning hisobni ochgan goliga assistentlik qildi, 19-daqiqada esa o‘zi gol urdi. Yakunda yana Amuraga golli uzatma berib, Jazoirning ishonchli g‘alabasini mustahkamladi.
Mazkur natija bilan Jazoir 2026 yil AQSH, Meksika va Kanadada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatiga yo‘l olgan 20-jamoa bo‘ldi. Shu bilan birga, ular Marokash, Tunis va Misrdan so‘ng mundialga chiqish huquqini qo‘lga kiritgan to‘rtinchi Afrika davlati sifatida qayd etildi.
Ma’lumot uchun, bu safargi musobaqada Afrika mintaqasiga to‘qqizta to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma hamda bitta qit’alararo pley-off kvotasi ajratilgan. Jazoir oxirgi bor 2014 yilda Braziliyada o‘tgan Jahon chempionatida ishtirok etgan bo‘lib, o‘sha turnirda 1/8 final bosqichigacha yetib borgandi. Ular Germaniyaga qarshi bahsda qo‘shimcha daqiqalarda 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lishgan edi.
Eslatib otamiz, avvalroq Misr terma jamoasi Kasablankada o‘tkazilgan uchrashuvda Jibutini 3:0 hisobida mag‘lub etib, “A” guruhi yetakchiligini mustahkamlagan va mundial yo‘llanmasini rasmiylashtirgandi.
Live
Barchasi