Misr Jahon chempionatiga yo‘l oldi
Sport
−
09 Oktabr 3473 2 daqiqa
Kecha, 8 oktyabr kuni Misr terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasini muddatidan avval qo‘lga kiritdi. Kasablankada o‘tkazilgan uchrashuvda misrliklar Jibutini 3:0 hisobida mag‘lub etib, “A” guruhi yetakchiligini mustahkamladi va mundial yo‘llanmasini rasmiylashtirdi.
Bu natija bilan Misr 23 ochko jamg‘arib, mag‘lubiyatsiz tarzda guruh bosqichini yakunladi. “Fir’avnlar” shu tariqa 2026 yilgi mundialda allaqachon yo‘llanmani qo‘lga kiritgan, Marokash va Tunis terma jamoalariga qo‘shildi.
Kichik orol davlati Kabo-Verde esa tarixiy natijaga juda yaqin turibdi. “D” guruhida ular Liviyada 3:3 hisobidagi durangdan keyin 20 ochkoga ega bo‘lib, ikkinchi o‘rindagi Kamerundan ikki ochkoga oldinda. Tripolida ular qo‘shib berilgan daqiqalarda g‘alaba golini urish imkoniyatiga ega bo‘lishdi, biroq to‘rt nafar futbolchi ishtirok etgan qarshi hujum ofsayd deb topilib, gol bekor qilindi. Endi Kabo-Verde 12 oktyabr kuni Esvatini ustidan g‘alaba qozonsa, jahon chempionatiga chiqqan tarixdagi eng kichik davlatlardan biriga aylanadi.
Gana terma jamoasi ham o‘z imkoniyatlarini saqlab qoldi. 2010 yilda chorak finalgacha yetib borgan Gana terma jamoasi Markaziy Afrika Respublikasini 5:0 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratdi. Gana so‘nggi turda Komor orollari bilan durang o‘ynasa kifoya, bu natija ularni “I” guruhi g‘olibiga aylantiradi.
Ma’lumot uchun, Misr Jahon chempionatiga chiqqan uchinchi Afrika jamoasi bo‘ldi. Endi e’tibor Kabo-Verde va Gana tomon qaratilgan. Ularning taqdiri navbatdagi o‘yinlarda hal bo‘ladi.
Live
Barchasi