“Jasliq”dagi ayrim mahbuslar uchun alohida koloniya quriladi – Jamshid Sultonov
Jamiyat
−
17 Oktabr 2019
13923Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Tugatilgan “Jasliq” qamoqxonasining umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan mahbuslari uchun alohida koloniya qurish rejalashtirilyapti. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshliqlari bilan o‘tkazilgan brifingda Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonov ma’lumot berdi.
QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova Prezident qarorida “Jasliq”dagi mahbuslarni ko‘chirish uchun belgilangan 1 oy muddat o‘tib ketganini aytib, koloniyada jazo o‘tayotganlar taqdiri nima bo‘lgani haqida nega jamoatchilikka ma’lumot berilmaganini so‘radi.
Mazkur savolga Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonov javob berdi.
“Prezidentimiz qarorida 19-son Jazoni ijro yetish kaloniyasini tarqatish belgilangan edi. Jasliq kaloniyasining umumiy tartibli uchastkasida jazoni o‘tayotgan 385 nafar mahkum, qaror chiqqanidan so‘ng 15 kun muddat ichida saqlash va jazo turiga moc ravishda iloji boricha mahkumning qamalgunga qadar yashagan joyiga yaqin bo‘lgan kaloniyalarga o‘tkazildi. Bu masalada ma’lumot berilmadi deyilyapti, amaldagi qonunchilikka ko‘ra mahkumni bir muassasadan ikkinchi muassasaga o‘tkazilganda, faqat uning yaqin qarindoshlariga unga nisbatan hukm chiqargan sudga xabar beriladi. Qaror ijrosida ham mahkum jazoni ijro etish muassasalariga joylashib bo‘lganidan keyin qo‘shimcha axborot berilsin degan bandi bo‘lmaganligi uchun, qaror bilan belgilangan muddat doirasida bir oy ichida hamma mahkumni jazoni ijro etish muassasalariga taqsimlandi”, deb javob berdi boshqarma boshlig‘i.
Jamshid Sultonov so‘zida davom etib, “Jasliq”dagi umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan mahkumlar taqdiri haqida ma’lumot berdi.
“Hammamizga ma’lum “Jasliq” kaloniyasi yonida umrbod ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga hukm qilingan mahkumlar saqlanadigan alohida jazoni ijro etish muassasasi mavjud edi. Mazkur jazo muddatini o‘tash sharti va talablari boshqa mahkumlardan farqlanishi, ya’ni umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan mahkumlar umumiy qattiq yoki mahsus tartibli jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan mahkumlardan shartli ravishda kun tartibi bo‘yicha farqli bo‘lgani uchun hozir alohida jazoni ijro yetish kaloniyasi qurilish ishi bo‘yicha topshiriq berilgan. Koloniya alohida qurilib ishga tushgandan keyin umrbod ozodlikdan maxrum qilish tariqasidagi jazoni o‘taydigan maxkumlar shu kaloniyaga o‘tkaziladi. Yana bir martta shuni tushuntirib aytish kerak, umrbod qamoq jazosini o‘tash to‘g‘risida gap ketmoqda. “Jasliq” koloniyasining ko‘plab chet el tashkilotlari tomonidan e’tiroz bildirilgan umumiy tartibli uchastkasi bo‘yicha muammo yo‘q ularni hammasi jazoni ijro yetish muassasalariga saqlash turi bo‘yicha tarqatib yuborildi”, dedi Jamshid Sultonov.
Eslatib o‘tamiz, “Jasliq” koloniyasining tugatilishi haqidagi Prezident qarorini ko‘plab xalqaro tashkilotlar ma’qullab chiqqandi. Jumladan, Human Rights Watch va BMTning O‘zbekistondagi vakillari bu qarorni olqishlagandi.
LiveBarchasi