Jasliqda saqlanayotgan Shuhrat G‘ulomov endi qaysi qamoqxonaga jo‘natiladi?

Jamiyat

image

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 2 avgust kuni “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisoslashtirilgan Jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘iroq tumani Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan va xalq tilida “borsa kelmas” deb nom olgan ushbu qamoqxonada 395 kishi saqlab kelinayotgan edi. Ular orasida sobiq MXX raisi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov ham bor. 

Prezident qaroriga ko‘ra, 19-son JIEKda saqlanayotgan mahkumlar bir oy muddatda sud tomonidan belgilangan tartib turiga muvofiq ravishda ichki ishlar organlarining boshqa jazoni ijro etish koloniyalariga o‘tkaziladi. Xo‘sh, G‘ulomov mamlakatdagi qaysi qamoqxonaga ko‘chiriladi? Bu haqdagi savol bilan QALAMPIR.UZ muxbiri Feruza Najmiddinova Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bahrombek Odilovga yuzlangan. 

Vazir o‘rinbosari savolni chetlab o‘tishga harakat qilarkan, “Ular qonunda belgilangan tartibda o‘tkaziladi. Qayergaligi hali aniq emas”, deydi. Biroq, vazir o‘rinbosari o‘rnatilgan tartib qandayligiga aniqlik kiritmagan. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yilning 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi doirasida o‘tkazgan yig‘ilishida, MXX raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomovni tanqid qilib xoinlikda ayblagandi. 


 
O‘shanda davlat rahbari Shuhrat G‘ulomovning poraxo‘rligi va davlatga qilgan xoinligi uchun umrbod qamalganini aytgandi. 

“MXXda yana bitta g‘o‘ddaygani bor edi. Vatan xiyonatchisi bo‘lib, hozir umrbod qamaldi. G‘ulomov degan noinsof. Uning ildizlari bor haliyam. Toshkentda o‘rgandim, bugun kelib odamlarini ishdan oldim. Endi har bittasini o‘zim ishga tayinlayman”, degan edi Mirziyoyev. 

Shuhrat G‘ulomov 2017 yilning yanvar oyiga qadar MXX raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishladi. Keyin MXXNing Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘ldi. 

Uning mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishi 2005 yildagi Andijon voqealariga borib taqaladi. Karimovning nazariga tushgan G‘ulomov 2007 yilda mamlakatdagi eng yuksak unvon – “O‘zbekiston qahramoni” bilan taqdirlangandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Jasliq koloniyasi Shuhrat G'ulomov

Baholaganlar

1512

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing