MXXning xoin generali Karimov va Mirziyoyevni yo‘q qilishni rejalashtirgandi – Aliyev
Jamiyat
−
23 Oktabr 2019
31953Jasliq qamoqxonasida yetti yil o‘tirib chiqqan “Aliyev zargari” (Gold Center) zargarlik kompaniyasi rahbari Ahmed Aliyev O‘zbekistonda 2011—2012 yillarda mamlakatning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Islom Karimovni hokimiyatdan chetlatish va o‘sha vaqtda Bosh vazir lavozimida faoliyat olib borgan Shavkat Mirziyoyevni o‘ldirishni maqsad qilgan to‘ntarish rejalashtirilganini ma’lum qildi. U bu haqda 21 oktyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, uning qamalishiga bir tomondan iqtisodiy, boshqa tomondan esa siyosiy sabablar bo‘lgan. Uning o‘zi qamalishida siyosiy sabablarni asosiy rol o‘ynagan deb hisoblaydi.
“2011–2012 yillarda O‘zbekistonda davlat to‘ntarishi tayyorlangan. Agar o‘sha to‘ntarish amalga oshsa, o‘sha vaqtdagi prezident Islom Karimov lavozimidan chetlatilardi. O‘sha davlat to‘ntarishi doirasida o‘sha vaqtda Bosh vazir lavozimida faoliyat yuritgan Shavkat Mirziyoyev jismonan yo‘q qilingan bo‘lardi. Takrorlayman, uni jismonan yo‘q qilishmoqchi edi. Meni shu to‘ntarish haqida bilib qolganim uchun qamashgan”, deydi Ahmed Aliyev.
Ahmed Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Rahim Mamajonov MXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov nomidan unga zargarlik markazi binosini G‘ulomovga berish va oylik maosh evaziga markazni boshqarishni taklif qilgan. Bundan tashqari, Rahim Mamajonov unga davlat to‘ntarishini amalga oshirish rejalashtirilayotganini aytgan.
Taniqli zargarning ta’kidlashicha, “Shavkat Mirziyoyevni jismonan yo‘q qilish rejasi ortida shaxsan general Shuhrat G‘ulomov turgan”. Aliyev, shuningdek, 2019 yilgi apellyatsiya sudlarida aytgan gaplarini takrorlagan – 2014 yili unda to‘ntarish bo‘yicha bilganlarini oshkor qilish imkoniyati tug‘ilgan, yozganlari kerakli odamlargacha yetib bormagan bo‘lsa-da, keyinchalik aynan uning yozganlari asosida huquq-tartibot organlari yuqori martabali amaldorlarga nisbatan jinoyat ishi ochgan.
Eslatib o‘tamiz, 2017 yilning yanvarida 51 yoshli general-leytenant Shuhrat G‘ulomov Milliy Xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ishdan olingan va Surxondaryo viloyati boshqarmasiga o‘tkazilgandi. Shuhrat G‘ulomov MXXdagi faoliyatini aynan Surxondaryodan boshlagandi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 19–20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatida bo‘lgan chog‘ida Shuhrat G‘ulomovni xoin deb atagandi.
“Surxondaryoda bu masalada og‘ir edi. Shuning uchun bu yerga bitta ham biznesmen kelmagan, keldimi darrov qamardi. Bu falonchining odami, bu pistonchining odami, bu hokimning pul beradigan odami, deb. San kimsan, o‘zing pul bermaydiganmiding, san G‘ulomov. Sotqin. Poraning boshida o‘zi o‘tirardi”, degandi Mirziyoyev.
Ma’lumot uchun, MXX raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Shuhrat G‘ulomov 2017 yili O‘zbekiston Harbiy sudi tomonidan konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish va giyohvand moddalar kontrabandasini tashkil etishda aybdor deb topilib, umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.