Yoshlar orasida narkotik vositalarni uyda tayyorlab, iste’mol qilayotganlar bor – G‘ulomov
Jamiyat
−
01 iyul 2020
5986O‘zbekistonda yoshlar orasida uy sharoitida narkotik vositalarni tayyorlab, ist’mol qilish holatlari ham uchrab turibdi. Afsuski, ularning ota-onasi bundan g‘isht qolipdan ko‘chgach, xabar topyapti. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi bo‘lim boshlig‘i Shuhrat G‘ulomov “Yuksalish” umummilliy harakatida o‘tkazilayotgan jamoatchilik muloqotida shular haqida aytib o‘tdi.
Shuhrat G‘ulomovning ta’kidlashicha, bugungi kunda giyohvand moddalarning turlari haddan tashqari ko‘payib ketgan. So‘nggi vaqtlarda sintetik narkotiklar ham ommalashgan.
“Ma’lum bo‘lgan jinoyatlar bilan birga biz hali ko‘rmagan giyohvandlar qanchadan-qancha. Buni jamoatchilik bizdan ko‘ra yaxshi biladi. Yana bir jihat borki, narkotiklarning yangi turlari, masalan, sintetetik narkotiklar paydo bo‘la boshladi”, deydi G‘ulomov.
U so‘zida davom etib, yoshlar giyohvandlikka mukkasidan ketgani sababli uyda narkotik modda tayyorlayotganini ta’kidladi. G‘ulomov giyohvand moddaga qarshi kurashda barchani ogohlikka chaqirdi.
“Yoshlarimiz orasida narkotik vositalarni uy sharoitida tayyorlab, iste’mol qilayotganlari ham bor. Ularning ota-onalari bundan oxirgi nuqtada xabar topyapti. Fursatdan foydalanib, jamoatchilikni ogohlantirmoqchiman: agar qayerda giyohvandlik bilan bog‘liq noqonuniy xatti-harakatlarga guvoh bo‘lsangiz, bunga qarshi kurashish birgina huquqni muhofaza qilish idoralarining vazifasi deb o‘ylamang. Bu har bir fuqaroning burchidir”, deydi Shuhrat G‘ulomov.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda 5 698 kishi narkodispanser hisobida turadi.
LiveBarchasi