Jarima maydonidagi avtomobilni olib chiqishning yangi yo‘li joriy qilinadi

Jamiyat

image

Toshkentda avtomashinalarni jarima maydonidan chiqarib olish uchun onlayn tizim sinov tariqasida ishga tushirildi. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalida ma’lum qilindi.

“YHX qoidalarini buzgan haydovchiga inspektor tomonidan mashinaning jarima maydoniga olinishi to‘g‘risida protokol tuziladi. Ushbu protokol ma’muriy bo‘limga yuboriladi, shundan so‘ng u avtomatlashtirilgan tizimga kiritiladi”, deydi IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘limi boshlig‘i Ilhom Idirov.

Protokol DYHXX saytida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan so‘ng haydovchining telefon raqamiga jarimaning miqdori va avtomobil joylashgan to‘xtab turish joyi to‘g‘risidagi ma’lumot yozilgan SMS yuboriladi.

Tizimning yana bir afzalligi — haydovchi onlayn rejimda barcha zarur hujjatlarni inspektorga taqdim qilishi mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, inspektor qonunbuzarlik uchun jarima miqdori to‘g‘risida qaror qabul qiladi va bu haqda ma’lumotni saytga joylashtiradi. Qoidabuzar jarimani elektron tizim orqali yoki eng yaqin bank kassalari orqali to‘lashi mumkin. Agar tizim sinovdan muvaffaqiyatli o‘tsa, u butun respublika bo‘ylab joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning iyul oyidan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish hamda ularni taqdim etgan shaxslarni rag‘batlantirish ishlari sinov tariqasida ishga tushirilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

avtomobil' jarima maydoni

Baholaganlar

398

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing