JAR Isroildan barcha diplomatlarini chaqirib oldi

Olam

image

Tel-Aviv o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarni e’tiborsiz qoldirgani va G‘azo sektorida tinch aholiga hujumlar davom etayotgani sababli Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) hukumati barcha diplomatlarini Isroildan olib chiqishga qaror qildi. Bu haqda kecha, 6 noyabr kuni Pretoriyada mamlakat Tashqi ishlar vaziri Naledi Pandor ma’lum qildi.

“Biz Falastin hududlarida bolalar va begunoh tinch aholining o‘ldirilishi davom etayotganidan nihoyatda xavotirdamiz va Isroilning reaksiyasi jamoaviy jazo bo‘layotganiga ishonamiz”, deydi Pandor.

Uning tushuntirishicha, bir davlatga katta zarar yetkazilgan va katta tashvish tug‘dirayotgan vaziyatda diplomatlarni chaqirib olish “odatiy amaliyotdir”. Pandorning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Afrika hukumati Isroil bilan diplomatik munosabatlarni saqlab qolish imkoniyatini muhokama qiladi.

Bundan tashqari,  Pretoriya Isroilning Janubiy Afrikadagi elchisi Eliav Belotserkovskiyning Isroil zulmi va genotsidiga qarshi chiqqanlar haqidagi kamsituvchi bayonotlaridan noroziligini bildirgan. 

“Janubiy Afrika diplomatik kanallar orqali Isroil elchisining mamlakatga aytgan so‘zlari masalasini ko‘taradi. U bizning mamlakatimizda mehmon va o‘zini mehmondek tutishi kerak", deydi JAR Aloqa va texnologiyalar vaziri Kumbudzo Ntshaveni. 

Isroil Tashqi ishlar vazirligi esa Janubiy Afrikaning o‘z diplomatlarini chaqirib olish qarorini “HAMASning g‘alabasi” deb atadi.

Shuningdek, TIV Janubiy Afrikaning HAMASni qoralashi va Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini hurmat qilishini kutishini bildirgan. Tashqi ishlar vazirligi Janubiy Afrikadagi elchisini ham qo‘llab-quvvatlagan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Chili, Kolumbiya va Turkiya Isroildagi elchilarini maslahatlashuv uchun chaqirib olgandi. Bahrayn Isroil bilan iqtisodiy aloqalarini uzib, elchisini chaqirib olgan bo‘lsa, Boliviya esa Isroil bilan barcha diplomatik aloqalarini uzgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil JAR

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing