Japarov Yaponiyaga boradi
Olam
−
07 noyabr 2023 4515 1 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov joriy yilning 17-20 noyabr kunlari Yaponiyaga borib, u yerda Bosh vazir Fumio Kisida bilan muzokara o‘tkazadi. Bu haqda Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda aytildi.
“Prezidentning tashrifi Yaponiya va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi, deb umid qilamiz”, deyiladi TIV bayonotida.
Qayd etish joizki, Yaponiya oxirgi paytlarda Markaziy Osiyo davlatlari – Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta e’tibor qaratmoqda. 2022 yil dekabr oyi boshida Yaponiya poytaxtida mintaqa davlatlarining hokimiyat va biznes vakillari ishtirokida Markaziy Osiyo investitsiya forumi (Central Asia Investment Forum 2022) bo‘lib o‘tgan.
Yaponiya nashrlari Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida Vazirlar Mahkamasiga kelasi yildan boshlab Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari bilan sammitlar formatini yo‘lga qo‘yish ustida ishlashni topshirmoqchiligi haqida yozgan. Aytilishicha, Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha ish olib borayotgan hukmron Liberal-demokratik partiyasi deputatlar guruhi rahbari, sobiq bosh vazir Taro Aso Kisidaga bunday sammitlarni muntazam o‘tkazishni taklif qilgan.
Eslatib o‘tamiz, sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining sessiyasi doirasida Yaponiya va Qozog‘iston kelasi yili Markaziy Osiyo – Yaponiya formatida sammit o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib olgandi.