Japarov va Tashiyev hayit namozida ishtirok etdi (video)
Jamiyat
−
11:55 5759 2 daqiqa
Bugun, 20 mart kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov muqaddas Ramazon hayiti munosabati bilan o‘qilgan hayit namozida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, hayit namozi Bishkek shahridagi Turdakun Usubaliyev nomidagi Eski maydonda minglab Qirg‘iziston fuqarolari ishtirokida bo‘lib o‘tgan.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev Manas shahridagi masjidda bo‘lib o‘tgan hayit namoziga tashrif buyurgan. Buni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan videoyozuvlar tasdiqlamoqda.
Tashiyev bilan birga tadbirda O‘sh shahrining sobiq meri Jenishbek Toktorbayev ham ishtirok etgan. Matbuot bilan suhbatda maxsus xizmatning sobiq rahbari qirg‘izistonliklarga barqarorlik, har bir oilaga esa ezgulik va tinchlik tilagan. Tashiyev, shuningdek, muqaddas oy davomida uni tanqid qilganlarga ham murojaat qilgan.
“Agar mabodo xatoga yo‘l qo‘yib, kimnidir xafa qilgan bo‘lsam, uzr so‘rayman. Muqaddas Ramazon oyi davomida turli mish-mishlar tarqatgan va mag‘zava ag‘dargan har bir kishini Alloh yo‘lida kechirdim. Umid qilamanki, keyingi safar ular bunday yo‘ldan borishmaydi, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni tarqatishmaydi. Yaratgan ularning qalbiga iymon bersin. Barchaga bayram muborak bo‘lsin”, deydi Tashiyev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamchibek Tashiyev vataniga qaytgani va Ichki ishlar vazirligining Bosh tergov boshqarmasida so‘roq qilingani haqida xabar berilgandi. So‘roqdan so‘ng undan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik to‘g‘risida tilxat olingan.
Live
Barchasi