Japarov Putinga Ukraina bo‘yicha Qirg‘iziston pozitsiyasi qandayligini aytdi
Olam
−
18 avgust 7065 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 18 avgust kuni Qirg‘iziston rahbari Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Telefon suhbatida tomonlar Prezident Putin va AQSH yetakchisi Donald Trampning Alyaskadagi muzokaralari yakunlari yuzasidan fikr almashdi. Sadir Japarov Rossiya-Amerika sammiti ishonchni mustahkamlash va global keskinlikni pasaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lganini ta’kidladi.
Shuningdek, u Qirg‘iziston tomoni Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning erishilgan darajasi Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal qilish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratishiga ishonchi komil ekanini aytdi.
“Qirg‘iziston Yevroosiyo markazida joylashgan va mintaqaviy integratsiya birlashmalari faoliyatida faol ishtirok etayotgan davlat sifatida mintaqada barqarorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratadi va Rossiya bilan barqaror rivojlanish manfaatlari yo‘lida hamkorlik qilishga tayyorligini tasdiqlaydi”, degan Japarov.
Yakunda tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi muhim masalalar yuzasidan kelgusida fikr almashish muhimligini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida Tramp va Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 16 avgust kuni soat 04:25 da yakunlandi. Alyaskada bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Tramp va Putin birgalikdagi matbuot anjumanida qatnashdi.
Matbuot anjumanidan oldin Putin va Tramp “uchga-uch” formatida taxminan 2 soat 45 daqiqa davom etgan muzokaralar o‘tkazdi. Tramp ko‘plab masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi, biroq Ukraina masalasida hali bitim yo‘qligini qayd etdi. Putin esa muzokaralarni foydali, deb atab, Rossiya Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha ishlashga tayyorligini bildirdi. Davlat rahbarlari jurnalistlarning savollariga javob bermadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgandi. O‘zbekiston rahbari ham erishilgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlab, Ukraina atrofidagi vaziyat tez fursatda tartibga solinishiga umid bildirgandi.
Prezident Mirziyoyevdan oldin Kremlga qo‘ng‘iroq qilgan Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev Putinning Ankorijdagi uchrashuvini Ukraina bo‘yicha eng yuqori darajadagi muzokaralar jarayonining boshlanishi sifatida qo‘llab-quvvatlagandi. To‘qayevning fikricha, bu tarixiy sammit ikki mamlakat liderlarining siyosiy iroda va sof niyati tufayli bo‘lib o‘tgan. Ular zamonaviy dunyodagi muhim muammolar, jumladan Ukrainadagi urushni to‘xtatish masalasida kelishishga tayyor ekanini ko‘rsatgan.
Shuningdek, 18 avgust kuni Putin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan gaplashdi. Imomali Rahmon ham Ukrainadagi inqirozni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etishga qaratilgan qadamlarni qo‘llab-quvvatlagan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr