Japarov Qirg‘iziston bayrog‘ini o‘zgartirishni qo‘llab-quvvatladi
Olam
−
26 Oktabr 2023
12674Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov respublika davlat bayrog‘iga o‘zgartirish kiritish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda u “Kabar” milliy agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Balki bayrog‘imiz ko‘rinishini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelgandir. Davlat bayrog‘i elementlariga ma’lum o‘zgartirishlar kiritish amaliyoti dunyoning ko‘plab mamlakatlarida mavjud", deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalroq Qirg‘iziston jamiyatida davlat bayrog‘i kungaboqarga o‘xshab ketadi va bu fonda mamlakat tizzadan ko‘tarila olmaydi, degan fikrlar yangragan.
“Hattoki, bizga tashrif buyurgan xorijliklar mamlakatimizda kungaboqar ko‘p o‘sayotganini aytgan holatlar ham bo‘ldi”, degan davlat rahbari.
Ta’kidlash joizki, bir guruh parlament deputatlari respublika bayrog‘i dizaynini o‘zgartirish g‘oyasi bilan chiqqan. Ular quyosh nurlarini to‘lqinli emas, balki to‘g‘ri qilishni taklif qilgan. Biroq Jogorku Keneshning boshqa bir deputati Mirlan Samiykojo davlat bayrog‘ini o‘zgartirish tashabbusiga qarshi chiqqan. Uning qayd etishicha, ijtimoiy tarmoqlarda jamoatchilik bunday o‘zgarishlarga qarshi.
“Kim quyosh nurlari kungaboqarga o‘xshaydi desa, o‘zi ham kungaboqar. Boshqalar aytganini qiladiganlar ham shunday”, degan deputat.
Ma’lumot o‘rnida, Qirg‘iziston bayrog‘i mamlakat Oliy Kengashining 1992 yil 3 martdagi qarori bilan tasdiqlangan. Unga muvofiq, bayroq rangi qizil bo‘lib, markazida tasvirlangan quyosh nurlari bilan o‘ralgan o‘tovning tuynugi milliy ramz ekani belgilab qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatning davlat ramziga o‘zgartirishlar kiritish va Qirg‘iziston Respublikasi bayrog‘idagi quyosh nurlari shaklini yakunlash tashabbusi Jogorku Kenesh deputatlari Ulan Primov va Nurlanbek Shakiyev tomonidan ilgari surilgan. Bu g‘oyani Prezident maslahatchisi Cho‘lponbek Abikeyev, bayroq mualliflari Jusup Matayev va Bekbosun Jaychibekov, shuningdek, davlat arbobi Medetka Sherimqulov qo‘llab-quvvatlagan.
LiveBarchasi