Japarov BMT minbarida Rahmonni kelishuvlarni bajarmaslik va tajovuzda aybladi

Olam

image

Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasida sodir bo‘lgan qurolli to‘qnashuvlarni qirg‘iz tomoni boshlamagan. Aksincha, Bishkek doim qurol ishlatishdan qochishga harakat qilgan va qurolsiz, tinch aholiga hech qachon o‘q uzmagan. Ammo Imomali Rahmon boshchiligidagi Tojikiston Qurolli kuchlari Qirg‘iziston bilan bir necha formatdagi xalqaro kelishuvlarga qaramay, Qirg‘iziston suverenitetiga daxl qilmoqda. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov kecha, 20 sentyabr kuni Nyu-Yorkda o‘z ishini boshlagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasidagi nutqida gap ochdi. 

“Davlatlarimiz o‘rtasidagi chegara masalalarini hal etish bo‘yicha ish boshlanganidan beri Qirg‘iziston tomoni doimo o‘zining xalqaro,  jumladan,  ikki tomonlama majburiyatlariga to‘liq rioya qilgan holda ish olib bordi,  muzokaralarni konstruktiv tarzda olib bordi,  o‘zaro manfaatli murosaga kelishga harakat qildi”, deydi so‘zi avvalida Japarov.

Uning qayd etishicha, 2021 yil aprel oyida Tojikiston Qurolli kuchlari Qirg‘iziston hududiga keng ko‘lamli asossiz tajovuzni sodir etgan, buning oqibatida 36 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Shunga qaramay, u xalqi manfaati uchun o‘tgan yili Dushanbega borganini esladi. 

“Joriy yilning 14, 15 va 16 sentyabr kunlari Qirg‘iziston janubida keng ko‘lamli harbiy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tganini xabar qilish men uchun yanada og‘riqli. Tojikiston tomoni avval erishilgan barcha kelishuvlarni buzgan holda, qirg‘iz-tojik davlat chegarasining butun perimetri bo‘ylab chegara va fuqarolik ob’ektlariga hujum qildi.

140 mingga yaqin tinch aholimiz chegaradagi aholi punktlaridan evakuatsiya qilindi. Ular kerakli yordamni olishadi”, deydi Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti. 

U BMTga, do‘st va hamkorlarga ko‘rsatgan birdamlik va ma’naviy yordam uchun samimiy minnatdorlik bildiraman. 

Japarovga ko‘ra, Tojikistonning bosqini oqibatida fuqarolik va harbiy ob’ektlar – uylar, ma’muriy binolar, maktablar, chegara postlariga katta moddiy zarar yetgan. 

“Har qanday moddiy zararni tuzatish mumkin. O‘z yurti uchun jonini ayamay kurashgan mard himoyachilarimizni, o‘qqa tutilgan tinch aholini qaytarolmaysiz”, deydi Prezident. 

Uning alohida urg‘ulashicha, mamlakatlar o‘rtasida xalqaro shartnomalar va majburiyatlar tuzilganiga qaramay, Tojikistonning asossiz qurolli tajovuzkor harakatlari uni ko‘proq tushkunlikka solmoqda. U yana bir bor tojikistonlik hamkorlar bilan muzokaralar jarayonini davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

“So‘nggi paytlarda qo‘shnilarimizning noqonuniy xatti-harakatlari natijasida ishonchimiz so‘nganini inobatga olib, shunga qaramay, biz muzokaralar va xalqaro vositachilik, jumladan, BMT, YeXHT, KXSHT bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz. 

Biz Tojikiston tomonining o‘tgan yillardagi noqonuniy xatti-harakatlarini hujjatlashtirganmiz. 

Biz hech qachon birinchi bo‘lib boshlamadik. Har doim qurol ishlatishdan qochishga harakat qilgan va ayniqsa, qurolsiz tinch aholiga o‘q uzmaganmiz!”, deydi Japarov. 

U dunyoning bosh minbaridan yana bir bor Qirg‘iziston tomoni begona yerlarga da’vo qilmasligi, lekin o‘z yerlarining bir santimetrini ham hech kimga berib qo‘ymasligini baralla aytdi.  

“Ishonchimiz komilki, barcha chegaraviy va iqtisodiy masalalar muzokaralar stolida hal etilishi kerak va biz tomondan shunday iroda va tayyorlik bor. 

Chegara hududlarida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, mahalliy aholi o‘rtasida keskinlikni kuchaytirish, davlatlarimiz o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga qaratilgan har qanday xatti-harakatlarga barham berish bo‘yicha shoshilinch chora-tadbirlar ko‘rish bugungi kunning eng muhim masalasidir”, deydi Prezident. 

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mojaro

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentyabr kuni Botken viloyatidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganiga qaramay, kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Qirg‘iziston rasmiylari Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani tortib kelishda va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda “barcha mavjud arsenaldan” foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etilganini haqida ma’lum qildi. 

Ayni paytda Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini “og‘ir qurollardan” o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni chegara hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmoqda.

Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkada belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar chiqib turadi. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Sadir Japarov

Baholaganlar

60

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing