Japarov ham Qorabog‘ga bordi. Unga ot sovg‘a qilishdi
Olam
−
26 aprel
5764Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov 24-25 aprel kunlari davlat tashrifi bilan Ozarbayjonda bo‘ldi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tashrifning birinchi kuni Bakudagi Zugulba qarorgohida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tor doiradagi muzokaralarda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shundan so‘ng ikki davlat rahbarlari Qirg‘iziston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi Davlatlararo kengashining ikkinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida ikki davlat ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama shakllarda hamkorlikni rivojlantirishga yondashuvlarining to‘liq o‘xshashligi kuzatilgani qayd etildi. Prezident Sadir Japarovning Ozarbayjonga tashrifi doirasida bir qator hujjatlar imzolandi.
Shu kuni Sadir Japarov va Ilhom Aliyev Bakuning markaziy ko‘chalaridan biri – Azadliqdagi istirohat bog‘ida atoqli qirg‘iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov haykali ochilish marosimida ishtirok etdi. Qirg‘iziston Prezidenti ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalar muhimligini, Qirg‘iziston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda Chingiz Aytmatovning o‘rni katta ekanini alohida ta’kidladi.
Bundan tashqari, davlat tashrifi doirasida Sadir Japarov Faxriy xiyobondagi Ozarbayjon milliy yetakchisi Haydar Aliyev xotirasiga hurmat bajo keltirdi va qabri poyiga gul qo‘ydi. Davlat rahbari Haydar Aliyevning umr yo‘ldoshi Zarifa Aliyeva qabriga ham gul qo‘ydi. Atoqli davlat arbobi Aziz Aliyev va professor Tamerlan Aliyev xotirasiga ham hurmat bajo keltirilib, qabrlari poyiga gullar qo‘yildi.
Tashrifning ikkinchi kuni, 25 aprel kuni Prezident Sadir Japarov Qorabog‘dagi Fuzuliy shahriga bordi va u yerda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev tomonidan shaxsan kutib olindi. Bu yerda ikki davlat rahbarlari Xidirli tumanidagi bo‘lajak umumta’lim maktabi poydevoriga vaqt kapsulasi qo‘yish marosimida ishtirok etdi. Maktab Ozarbayjon xalqiga Qirg‘iziston xalqining tuhfasi sifatida quriladi.
So‘ngra Prezidentlar birgalikda Fuzuliy va Agdam shaharlarini rivojlantirishning bosh rejasi bilan tanishdi. Prezidentlar Agdamga safari doirasida Qorabog‘ xonligi asoschisi Panahali xonning saroyi va qabristoni joylashgan XVIII asrga oid saroy majmuasiga tashrif buyurdi. Bu yerda Sadir Japarov va Ilhom Aliyevga ozarbayjon zotli otlari sovg‘a qilindi.
So‘ngra Prezidentlar “Juma” masjidiga tashrif buyurdi, shuningdek, qadimiy Shohbulog‘ qo‘rg‘oniga borib, uni ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
Sadir Japarov Ozarbayjon Respublikasiga davlat tashrifini yakunlab, 25 aprel kuni Bishkek shahriga qaytib keldi.
Eslatib o‘tamiz, Fuzuliy xalqaro aeroporti 2021 yil 26 oktyabr kuni ishga tushirilgandi. Havo bandargohini Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ochib bergandi. O‘shanda Erdo‘g‘anning samolyoti Bakuga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri Qorabog‘ga qo‘ngan. Shu tariqa Turkiya yetakchisi Fuzuliy aeroportiga borgan ilk davlat rahbari bo‘lgan. O‘tgan yilning 23 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroatxon Mirziyoyeva bilan birga Fuzuliyga borgandi. Ularni aeroportda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va birinchi xonimi Mehribon Aliyeva kutib olgandi. Qorabog‘ga tashrif davomida Fuzuliy shahrida Mirziyoyev tashabbusi bilan qurilgan 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktab ochilgandi. 12 mart kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ozarbayjon Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Fuzuliy shahriga bordi. Prezidentlar qozoq bastakori Kurmanqazi nomidagi Bolalar ijodiyoti markazining ochilish marosimida ishtirok etdi. Ta’kidlanishicha, zamonaviy innovatsion markaz Qosim-Jomart To‘qayev tashabbusi bilan qisqa muddatda Ozarbayjon xalqiga qozoq xalqining insonparvarlik tuhfasi sifatida qurilgan.
LiveBarchasi