Janjal ortidan “Neftchi” bosh murabbiyi ishdan olindi
Sport
−
06 dekabr 2020
12395Xabaringiz bor, joriy yilning 1 dekabr kuni Pro-liganing hal qiluvchi o‘yinida Farg‘ona viloyatining ikki jamoasi – Yaypanning “Turon” va Farg‘onaning “Neftchi” jamoalari o‘rtasida o‘tgan o‘yin oxirida muxlislar maydonga chiqib ketib, ommaviy tartibsizlik ro‘y bergan edi. Kecha, 5 dekabr kuni mazkur holat yuzasidan "Neftchi" FK qarorgohida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishga Farg‘ona viloyati hokimi Hayrulla Bozorov raislik qildi. Bu haqda "Neftchi" FK matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, mazkur yig‘ilishda viloyat hokimidan tashqari, viloyat hokimining sport va turizm ishlari bo‘yicha maslahatchisi H.Ahmedov, Farg‘ona shahar hokimi o‘rinbosari F.Abdillazov, Farg‘ona NQIZ direktori o‘rinbosari B.Mo‘minov,"Neftchi" FK bosh direktori Z.G‘ofurov hamda Farg‘ona viloyat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse prezidenti N.Otaqo‘ziyev qatnashishgan.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, “Neftchi"-"Turon" bellashuvida "Neftchi" jamoasi futbolchilarining o‘yinni boshqargan hakamlarga nisbatan qilgan qo‘polliklari tufayli yuzaga kelgan tartibsizliklar natijasida futbolga xos bo‘lmagan holat yuz bergan. Bundan tashqari, "Neftchi" jamoasi mas’ul xodimlari klub futbolchilarini o‘yinga yetarlicha jismonan va ruhan tayyorlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan. Tartibsizlik keltirib chiqargan futbolchilarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rilgan.
"Andijon" FK bilan bo‘lib o‘tadigan o‘yinga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rish hamda ijobiy natija ko‘rsatish bo‘yicha "Neftchi" futbol klubi mas’ullariga tegishli ko‘rsatma va topshiriqlar berib o‘tildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rib chiqilgan. "Neftchi" FK mas’ul xodimlari futbolchilarini o‘yinga yetarlicha jismonan va ruhan tayyorlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yganligi uchun bosh murabbiy Abdusamad Do‘rmonov egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona viloyati IIB vaziyat nazoratga olinganini ma’lum qildi. Hozirda barcha huquqbuzarlar ushlanib, tergovga kadar tekshiruv harakatlari olib borilmokda.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘onada futbol o‘yinidagi to‘polon bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Professional futbol ligasi mazkur holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
LiveBarchasi